
O‘zbekistonda suv zaxiralari bir yilda 6,5 mlrd metr kubga kamaydi
Suv xo‘jaligi vazirining Qonunchilik palatasiga bergan hisobotida suv omborlaridagi kamayish va tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ma’lumot berildi.

O‘zbekistonda transchegaraviy suv omborlarini ham hisobga olgan holda, suv zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 6,5 milliard metr kubga kamaygan. Bu haqda 10-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan yig‘ilishda suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, 2025 yilda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun 40 milliard metr kubdan ortiq suv yetkazib berilgan. Suvni tejash bo‘yicha muayyan ijobiy natijalarga oldindan zaxira yaratish, kanallarni betonlashtirish va suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hisobiga erishilgan. Biroq shu bilan birga, ichki suv omborlaridagi zaxiralar ham 2,7 milliard metr kubga kamaygan.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi besh yilda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilishga 60 trillion so‘m budjet mablag‘lari va 622 million dollar xorijiy investitsiyalar yo‘naltirilgan. Natijada, 2025 yilga kelib suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydon 2,6 million gektarga yetgan bo‘lib, bu sug‘oriladigan yerlarning 60 foizini tashkil etgan.
2025 yilda irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash doirasida yuzlab kilometr kanallar, lotoklar, quvurlar va gidrotexnika inshootlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Nasos stansiyalarining samaradorligini oshirish uchun agregatlar va elektr dvigatellari yangilandi, quyosh panellari hamda energiya tejovchi uskunalar o‘rnatildi. Bu choralar hisobiga joriy yilda qariyb 200 million kWh elektr energiyasi tejalgan.
Shuningdek, 2025 yilning o‘zida 817 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Bu orqali 2,3 milliard metr kub suv iqtisod qilinib, texnologiyalar suv resurslarini 45–50 foizgacha tejash imkonini berishi qayd etildi.
Vazir raqamlashtirish suv xo‘jaligida samaradorlikka erishishning asosiy omili ekanini ta’kidlab, kelgusi yilda 503 ming gektar maydonda yangi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilayotganini bildirdi.





