add

O‘zbekistonda «Torpeda» qovuni eksport mavsumida rekord darajada qimmatlashdi

07.08.2025 | 16:1046693

Qovun eksporti avjida — narxlar o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobarga oshdi. Bunga ichki va tashqi bozordagi talab sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda «Torpeda» qovuni eksport mavsumida rekord darajada qimmatlashdi
O‘zbekistonda iyul-sentyabr oylari qovun eksportining eng yuqori faolligi kuzatiladigan davr hisoblanadi. Ayniqsa, «Torpeda» navli qovun mamlakat eksport hajmining 90 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi. EastFruit tahlilchilari ma’lum qilishicha, bu yil ushbu navdagi qovunning ulgurji narxi o‘tgan yilgiga nisbatan 2,5 barobarga oshgan. Hozirda fermerlar «Torpeda» qovunini daladan 3 000 so‘mdan (taxminan 0,24 dollar) sotmoqda. Bu summa yuklash va qadoqlash xarajatlarini o‘z ichiga olmaydi. 2024 yilda esa shu mahsulot 1 200 so‘mdan (tahminan 0,10 dollar) sotilgan. Fresh Melon kompaniyasi rahbari Farxod Qorabekovning ta’kidlashicha, narxning oshishiga ichki bozorda sifatli mahsulot ulushining kamayishi, yetishtiriladigan yer maydonlarining qisqarishi va barqaror ichki talab ta’sir qilgan. Unga ko‘ra, tashqi bozordagi talab ham o‘sib bormoqda. Masalan, Qozog‘istonda qovun mavsumi odatda avgust oxirida tugaydi, ammo bu yil ushbu mamlakatdagi mahsulot zaxiralari ancha erta yakunlangan. Bu esa Qozog‘iston bozorlarida o‘zbek qovuniga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirgan. Tahlilchilar fikricha, ushbu holat narxlarning yanada barqaror va yuqori darajada saqlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid