add

O‘zbekistonda to‘y-marosimlarni ixchamlashtirishga oid qaror kechikyapti

13.09.2025 | 13:0034978

Prezident farmoniga ko‘ra, to‘y-marosimlarni tartibga solish bo‘yicha qaror 2025 yilning avgust oyigacha qabul qilinishi kerak edi.

O‘zbekistonda to‘y-marosimlarni ixchamlashtirishga oid qaror kechikyapti
O‘zbekiston prezidenti 21 aprel kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi farmon imzoladi. Farmonning ilovasiga ko‘ra, 2025 yilning avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Ammo avgust o‘tdi hamki, qaror matni e’lon qilinmadi. Holat  sababini bilish maqsadida Vaqt.uz muxbiri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devoni matbuot kotibi bilan bog‘landi. Mas’ulga tegishli savollar bilan murojaat qilib, hech qanday javob ola olmadi.   Amaldagi qoidalar qanaqa? O‘zbekistonda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida nizom bor. Bu nizom parlament palatalari kengashlarining 2019 yil 14 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlanib, 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega. 2020 yil mart oyida bu qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritildi. МЖтКга qo‘shilgan 192-1-moddaga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibi rioya etmagan fuqarolarga 10 BHM (hozirda 4 mln 120 ming so‘m), to‘yxona va kafe-restoranlarning mansabdor shaxslariga 30 BHM (takroriy sodir etilsa, 50 BHM) miqdorida jarima belgilangan. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno), soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, bu tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida esa 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin. Shuningdek, davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash to‘g‘risida qarorning qabul qilinishi ham sakkiz yildan beri cho‘zib kelinadi. Davlat xizmatchilari va ularning turmush o‘rtoqlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini O‘zbekistonda 2017 yildan boshlab joriy etishga harakat qilinmoqda. Dastlab mansabdor shaxslarga mol-mulk deklaratsiyasi, daromad va xarajatlar, shuningdek, ularning ota-onalari, turmush o‘rtoqlari va farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topshirish majburiyati yuklatilishi ko‘zda tutilgandi. Oxirgi tahrirda faqat er-xotinlar va voyaga yetmagan bolalarga taalluqli bo‘lgan daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya qoldi. Prezident farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan daromadlarni deklaratsiya qilish tizimi ham joriy etilishi kerak edi, lekin bu amalga oshmadi. Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga 2021 yil 13 noyabrda kiritilgan. Biroq hukumat hujjatni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritmadi, deya ta’kidladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi. Loyihada davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalashni ikki bosqichda joriy etish taklif etilmoqda:
  • 1-bosqich — prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari;
  • 2-bosqich — boshqa davlat xizmatchilari (yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari).
2024 yilda  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov daromadlarni deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonun loyihasi deyarli tayyorligi, u vazirlik va idoralar bilan kelishilgan va Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tganini ma’lum qilgandi. Prezidentning qonunni qabul qilishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlariga qaramay, muddatlar kechiktirildi. 2025 yilda mart oyida, prezident farmoni bilan may oyigacha loyiha tayyor bo‘lishi belgilangan, lekin hali ham huquqiy matn joylanmagan. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid