
O‘zbekistonda uy-joy xaridlariga keshbek joriy etilishi mumkin
03.09.2025 | 12:0041303
O‘zbekistonda uy-joy xaridlariga keshbek tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu tashabbus qurilish sohasida shaffoflikni oshirish va soliq tushumlarini ko‘paytirishga qaratilgan.
29 avgust kuni Savdo-sanoat palatasi hamda qurilish sohasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda mazkur masala ko‘tarildi (https://www.youtube.com/watch?v=lbaBI6d0Z_E&t=11694s). Palata raisi Davron Vahobovning ta’kidlashicha, hozirda uy-joylarning atigi 10 foizi qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan rasmiy ravishda sotib olinmoqda, qolgan 90 foizi esa soliqsiz amalga oshirilmoqda.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun 4−5 foiz soliq keshbek tizimini joriy etish orqali fuqarolar qurilish kompaniyalaridan hisobvaraq-faktura talab qila boshlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, bitim summasining 5−6 foizini qaytarib olish imkonini beradi va bozordagi mavjud holatni o‘zgartirishga xizmat qilishi mumkin.
Muloqot chog‘ida shuningdek, qurilish sohasidagi yashirin iqtisodiyot hajmi 97 trln so‘mga yetgani ma’lum qilindi. Yashirilgan soliqlar 1,2 trln so‘mni, talon-toroj qilingan mablag‘lar esa 203 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Hisobotlarda 914 ta ob’ektda qurilish ishlari kamaytirib ko‘rsatilgan, 1,5 mingta tayyor ob’ekt esa umuman ro‘yxatga olinmagan. Shuningdek, 6,3 mingta ob’ektda bittagina xodim rasmiy ko‘rsatilgan, ammo unga bir necha milliard so‘mlik ishlar to‘g‘ri kelgani qayd etildi.





