add

O‘zbekistondagi ekozonalarda «o‘rta» va «zararli» mashinalar harakati cheklanadi

08.12.2025 | 21:004112 daqiqa

Yangi tartibga ko‘ra, ekologik zonada harakati taqiqlangan avtomashinalar faqat bir yillik ruxsatnoma va ekologik kompensatsiya to‘lovi orqali hududga kira oladi.

O‘zbekistondagi ekozonalarda «o‘rta» va «zararli» mashinalar harakati cheklanadi

O‘zbekiston hududida ekologik zonalar tashkil etilib, ularda atmosfera sifatini nazorat qilish va hududlarning ekologik barqarorligini oshirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. Hukumat qaroriga muvofiq, «o‘rta» va «zararli» toifaga mansub hamda ekologik stikeri mavjud bo‘lmagan avtotransport vositalarining bunday hududlarda erkin harakatlanishi taqiqlanadi. Bu cheklovni buzganlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Ekologik zonalar maxsus indikatorlar asosida baholanadi, jumladan

SO2 chiqindisi,

Energiya iste’moli,

Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish,

Binolarning energiya samaradorligi,

Ekologik transport ulushi,

Havo sifati va chiqindilarni qayta ishlash darajasi e’tiborga olinadi.

100 ballik tizimda past ko‘rsatkichga ega hududlar ekologik zona sifatida belgilanishi mumkin. Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilish maqomiga ega ayrim hududlarda baholash olib borilmasdan ham zona maqomi berilishi mumkin.

Cheklov joriy etilgan avtomobillar bir yillik ruxsatnoma asosida ekologik zonalarga kirishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun «o‘rta» toifadagi mashinalar egalari BHMning bir baravari, «zararli» toifadagi transport vositalari egalari esa uch baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lovi amalga oshiradi. To‘lovning 40 foizi respublika byudjetiga, 60 foizi Ekoqo‘mitaning byudjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Ruxsatnoma berilgandan so‘ng ma’lumotlar avtomatik tarzda IIV YHXX bazasiga kiritiladi.

Ekologik zonalarda tez yordam, favqulodda xizmatlar, jamoat transporti (taksidan tashqari) uchun cheklov mavjud emas. Shuningdek, ushbu hududlarda doimiy yashovchilar, ishlovchilar va tibbiy zarurat bilan kiruvchilar erkin harakatlanish huquqiga ega bo‘ladi.

Ekologik nazorat yagona monitoring tizimi orqali amalga oshirilib, havodagi ifloslanish darajalari va chiqindi manbalari doimiy baholab boriladi. Shu asosda dinamik elektron ekologik xarita shakllantiriladi. U havoning real xolatini kuzatish, ifloslanish manbalarini aniqlash va aholi salomatligiga xavf tug‘diruvchi holatlarni oldini olish uchun tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi. Xarita ma’lumotlari elektron platformalarda muntazam e’lon qilinadi va jamoatchilikka ochiq holda taqdim etiladi.

Teglar

Mavzuga oid