add

O‘zbekistonlik ayol Avstriyaning Raiffeisen banki moliyaviy direktori bo‘ldi

17.10.2025 | 16:3439233

O‘zbekistonlik Kamila Mahmudova Raiffeisen Bank International'ning boshqaruv tarkibiga moliyaviy direktor — CFO sifatida tayinlandi.

O‘zbekistonlik ayol Avstriyaning Raiffeisen banki moliyaviy direktori bo‘ldi

Avstriyaning yirik moliya institutlaridan biri — Raiffeisen Bank International (RBI) o‘z kuzatuv kengashi qarori bilan o‘zbekistonlik mutaxassis Kamila Mahmudovani 2026 yildan boshlab moliyaviy direktor lavozimiga tayinladi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, bu vazifa direktorlar kengashida alohida bo‘linma sifatida qayta joriy etiladi.

Tayinlov hozirda bankning nazorat organlari tomonidan rasman tasdiqlanishi kutilmoqda. Mahmudova 2021 yildan beri Chexiyadagi Raiffeisenbank boshqaruvida moliyaviy direktor sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Uning moliya sohasidagi faoliyati 1999 yilda O‘zbekiston Davlat mulki qo‘mitasida boshlangan. Keyinchalik Xalqaro moliya korporatsiyasida konsultant sifatida ishlagan, 2007 yildan esa RBI tarkibidagi M&A bo‘limida faoliyat boshlab, 2019 yilda u «Korporativ rivojlanish va strategik boshqaruv» bo‘limiga o‘tgan.

Mahmudova 1997 yilda O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Shuningdek, u AQSH va Avstriyadagi nufuzli ta’lim muassasalari — Illinoys kolleji, Vena iqtisodiyot universiteti, Karlson menejment maktabi hamda Garvard biznes maktabida tahsil olgan.

Avstriyaning Die Presse nashri yozishicha, uning oldida turgan asosiy vazifalardan biri — bankning Rossiyadagi faoliyati bilan bog‘liq murakkab siyosiy va moliyaviy masalalarni boshqarishdir. Ukraina urushi va sanksiyalar fonida RBI Rossiya bozoridagi ulushini qisqartirish niyatini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Raiffeisen Bank International — Avstriyaning eng yirik bank guruhlaridan biri bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi 11 mamlakatda 18 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi. Bankning jami aktivlari 2025 yil iyuni holatiga ko‘ra 204 milliard yevroga yetgan.

Teglar

Mavzuga oid