
O‘zbekistonlik sayyohlar Taylandda halokatga uchradi
11-yanvar kuni halokatga uchragan katerda 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.

Tayland Qirolligining Pxuket oroli yaqinida sodir bo‘lgan kater halokatida O‘zbekiston Respublikasining uch nafar fuqarosi bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 11-yanvar kuni yuz bergan. Halokat oqibatida o‘zbekistonlik fuqarolardan ikki nafari yengil tan jarohati olgan va mahalliy shifoxonaga yotqizilgan. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng, to‘liq sog‘aygan holda belgilangan tartibda shifoxonadan chiqarilgan.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jabrlangan fuqarolarning barcha tibbiy hamda boshqa zarur xarajatlari katerga egalik qiluvchi kompaniyaning sug‘urta mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab berilgan.
«Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sog‘liqni saqlash muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan», — deyiladi xabarda.





