
O‘zbekistonliklar 2025 yilda qanday sug‘urtalardan ko‘p foydalangani ma’lum qilindi
2025 yil mobaynida sug‘urta xizmatlari hajmi sezilarli o‘sib, asosiy ulush transport va mulkni sug‘urtalash hissasiga to‘g‘ri keldi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlari hajmi 10,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. 2025 yilgi ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 2,9 trln so‘mga oshgan.
Qayd etilishicha, sug‘urta xizmatlari umumiy hajmida eng katta ulushni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash, avtotransport vositalari hamda boshqa transport turlarini sug‘urtalash, shuningdek, yuk va mol-mulkni sug‘urtalash tashkil etgan. Ushbu yo‘nalishlar jami xizmatlar hajmining 81,7 foizini egallagan.
Bu holat transport vositalari soni ortib borayotgani, logistika va savdo hajmlari kengaygani hamda mulkiy manfaatlarni himoya qilishga bo‘lgan ehtiyoj kuchaygani bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida qayta sug‘urtalash xizmatlari umumiy hajmning 14,1 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich sug‘urta kompaniyalarining o‘z risklarini boshqarishga va barqarorligini ta’minlashga intilayotganini anglatadi.
Hayotni sug‘urtalash xizmatlarining ulushi esa 4,2 foiz darajasida qayd etilgan. Bu segment aholining uzoq muddatli moliyaviy rejalashtirishga qiziqishi ortishi bilan kelgusida oshishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlari hajmi 10 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu davr mobaynida eng katta ulushni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash, avtotransport vositalari va boshqa transport turlarini sug‘urtalash hamda yuk va mulkni sug‘urtalash kabi yo‘nalishlar egallagan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1-yanvardan kuchga kiradigan «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, sug‘urtalangan shaxslarga ishsizlik nafaqasi to‘lab berilishi haqida xabar bergan edik.





