
O‘zbekistonliklar eng ko‘p kredit olgan banklar ma’lum bo‘ldi
04.07.2025 | 17:004453
Milliy bank tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 1 iyun holatigacha O‘zbekistonda jami 567,7 trln so‘mlik kreditlar ajratilgan. Shundan 193,7 trln so‘m jismoniy shaxslarga, 374 trln so‘m esa yuridik shaxslarga berilgan.

Aholi davlat banklaridan jami 101,84 trln so‘m, xususiy banklardan esa 91,9 trln so‘m kredit olgan. Aholi eng ko‘p murojaat qilgan banklar ro‘yxatida birinchi o‘rinni «Ipoteka bank» egalladi. Bank aholiga 24,5 trln so‘m kredit ajratgan. Umumiy kredit portfelining 69,2 foizi jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi. Bank 2023 yilda xususiylashtirilgan.
Ikkinchi o‘rinda «Xalq» banki turibdi. Bank aholiga 22,46 trln so‘m kredit bergan bo‘lib, portfelining 75 foizi jismoniy shaxslarga ajratilgan. Uning asosiy yo‘nalishlari ijtimoiy va iste’mol kreditlari hisoblanadi.
«O‘zmilliybank» 19,9 trln so‘m bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Uning katta qismi yirik korxonalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, aholiga ham salmoqli kredit ajratgan.
Keyingi o‘rinlarda «Kapitalbank» (18,51 trln so‘m), «Biznesni rivojlantirish banki» (12,69 trln so‘m), «Agrobank» (11,16 trln so‘m), «O‘zsanoatqurilishbank» (10,4 trln so‘m), «TBC Bank» (9,77 trln so‘m), «Asakabank» (9,5 trln so‘m) va «Mikrokreditbank» (8,1 trln so‘m) joylashgan.
Ayniqsa, raqamli xizmat ko‘rsatuvchi TBC Bank aholi orasida ommalashib bormoqda, uning kredit portfelining 95 foizi jismoniy shaxslarga ajratilgan.





