
O‘zbekistonliklar Green Card yutganlar orasida peshqadam bo‘ldi
13.05.2025 | 17:2241353
Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan har yili o‘tkaziladigan Green Card dasturi natijalariga ko‘ra, 2025 yilda eng ko‘p g‘olib O‘zbekistondan qayd etildi. Dunyo bo‘yicha taqdim etilgan 55 ming doimiy yashash vizasining 5564 tasi o‘zbekistonlik fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keldi.

3 may kuni AQSHning «Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV» dasturi (Green Card) bo‘yicha 2025 yilgi natijalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari dasturda eng ko‘p yutuvchi chiqqan millat sifatida birinchi o‘rinni egalladi. Jami 55 mingta viza ajratilgan dasturda 5564 nafar o‘zbekistonlik g‘olib deb topildi.
O‘zbekistondan tashqari, Jazoir (5526), Rossiya (5519), Misr (5515) va Sudan (5505) fuqarolari ham eng ko‘p Green Card yutganlar qatorida bo‘ldi. Lotereyada jami 131 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan aksariyati Afrika, Osiyo va Yevropa mamlakatlariga tegishli.
Green Card dasturi 1990 yilgi AQSH immigratsiya qonuniga asosan joriy etilgan bo‘lib, unda har yili dunyo bo‘yicha 20 milliondan ortiq kishi ishtirok etadi. Dastur doirasida g‘olib deb topilganlar AQSHda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi vizani olish imkoniga ega bo‘ladi. Biroq, g‘olib sifatida tanlanganlarning hammasi ham vizani qo‘lga kirita olmaydi — ulardan taxminan yarmigina intervyu va hujjatlar tekshiruvidan muvaffaqiyatli o‘tadi.
AQSH Davlat departamenti ushbu dasturning ochiq va avtomatlashtirilgan jarayon ekanini ta’kidlab, viza olish uchun tanlanganlardan hujjatlarini belgilangan muddat ichida rasmiylashtirishni so‘raydi.





