add

O‘zbekistonning oltin eksporti 69 foizga oshdi

22.09.2025 | 17:0025153

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston oltin eksportini sezilarli darajada oshirdi.

O‘zbekistonning oltin eksporti 69 foizga oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar–avgust oylarida xorijga yetkazib berilgan oltin hajmi 8,42 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 68,9 foizga ko‘pdir. Oltin mamlakat eksport tarkibidagi ulushi ham o‘sdi. Agar 2024 yilning birinchi sakkiz oyida bu ko‘rsatkich 28,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 36,7 foizga yetdi. Bu esa O‘zbekiston tashqi savdosida oltinning strategik ahamiyati saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Eksportdagi bunday o‘sish mamlakat tashqi savdo aylanmasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Joriy yilning yanvar–avgust oylari mobaynida umumiy tashqi savdo hajmi 51,4 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,8 foizga ko‘p bo‘lib, 8,49 mlrd dollarlik o‘sish qayd etildi. Oltin eksporti hajmidagi bu o‘sish mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki u tashqi savdo balansini muvozanatda ushlab turishga va valyuta tushumlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu ko‘rsatkichlar jahon bozorida oltin narxlari barqarorligi hamda O‘zbekistonning yetkazib berish salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi. Eslatib o‘tamiz, xalqaro oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilning yanvaridan iyunigacha dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisiga aylandi. Mamlakat ushbu davrda 27 tonna oltin eksport qilgan.

Teglar

Mavzuga oid