
O‘zbekistonning qaysi hududlarida aholi daromadlari yuqoriligi ma’lum bo‘ldi
Mamlakatda 2025 yilda aholi daromadlari 1 kvadrillion so‘mdan oshib, o‘sish 9 foizdan yuqori bo‘ldi. Biroq hududlar orasida katta farq kuzatilmoqda.
© Javhar Chorshanbiyeva 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 1 kvadrillion 134,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, real o‘sish sur’atlarini aniqlashda inflatsiya ta’sirini chiqarib tashlash maqsadida iste’mol narxlari indeksi qo‘llanildi. Iste’mol narxlarining o‘zgarishi hisobga olinganda, aholining umumiy daromadlari 2024 yilga nisbatan real hisobda 109,2 foizga o‘sgan.
Jon boshiga daromadlar ko‘rsatkichi
2025 yil yanvar–dekabr holatida aholi jon boshiga umumiy daromadlar o‘rtacha 29,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichning nominal o‘sish sur’ati 116,6 foizga, real o‘sish sur’ati esa 107,2 foizga teng bo‘ldi.
Hududlar kesimida yuqori daromadlar
Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahrida qayd etildi — 73 mln 910,5 ming so‘m. Shuningdek, Navoiy viloyatida 44 mln 694,2 ming so‘m, Buxoroda 35 mln 176,2 ming so‘m va Xorazm viloyatida 31 mln 136,0 ming so‘m ko‘rsatkich bilan respublika o‘rtacha darajasidan yuqori natijalar qayd etildi.
Past ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar
Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi jon boshiga umumiy daromad 20 mln 656,0 ming so‘mni tashkil etdi. Nanmagan, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatlarida ham ushbu ko‘rsatkich respublika o‘rtachasidan past bo‘ldi.
O‘sish sur’atlaridagi tafovut
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘ona viloyatida 14,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Xorazm viloyatida 8,7 foiz, Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida 8,5 foiz o‘sish kuzatildi. Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Samarqand, Namangan, Jizzax, Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon viloyatida esa real o‘sish sur’atlari respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 376,7 ming so‘mni tashkil etgani haqida xabar bergandik.
