add

«O‘zbekneftgaz» gaz qazib olish hajmi oshmayotgani sababini ochiqladi

Kompaniya tahlillariga ko‘ra, yangi gaz zaxiralarining yetarlicha ko‘paymasligi qazib olish hajmini barqaror oshirishga asosiy to‘siq bo‘lmoqda.

«O‘zbekneftgaz» gaz qazib olish hajmi oshmayotgani sababini ochiqladi

O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmlarining barqaror o‘sishiga yangi zaxiralarning yetarli darajada qo‘shilmayotgani asosiy sabab bo‘lmoqda. Qayd etilishicha, gaz salohiyatini oshirish uchun geologiya-qidiruv ishlari hozirgi sur’atlarda talab darajasida emas.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, istiqbolli investitsiya bloklarining katta qismi xususiy investorlarga berilgan bo‘lsa-da, ular tomonidan qidiruv ishlari sust olib borilmoqda. Bu holat yangi sanoat zaxiralarining ochilishi va qazib chiqarish hajmlarining kengayishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

12-yanvar kuni «O‘zbekneftgaz»ning yangi raisi Abdug‘ani Sanginov kompaniyaning hozirgi holati va kelgusidagi rejalari bo‘yicha Shavkat Mirziyoyevga taqdimot kiritgan. Unda prezident tabiiy gaz zaxiralari hamda qazib olish hajmlarini oshirish orqali qayta ishlash korxonalarining mavjud quvvatlaridan to‘liq foydalanishni asosiy vazifa sifatida belgilagandi.

Mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Surxondaryo, Hisor va Ustyurt hududlarida zaxirasi oshirilmagan 31 ta investitsiya blokini qayta xatlovdan o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, Geologiya vazirligi balansidagi ayrim bloklarni «O‘zbekneftgaz» tasarrufiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 2026–2027 yillarda kompaniya har yili 30 tadan yangi tayyor istiqbolli maydonlarni qabul qilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda gaz qazib chiqarish sohasidagi xususiy operatorlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, majburiyatlarini bajarmayotgan investorlar o‘rniga ochiq tenderlar orqali yangi sarmoyadorlarni jalb etish masalalari ham muhokama qilindi. Ayniqsa, kam zaxirali yoki qazib olish murakkab bo‘lgan konlar uchun narx belgilash mexanizmlarining yo‘qligi investorlar qiziqishini pasaytirayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, dividend to‘lovlarini geologiya-qidiruv ishlariga yo‘naltirish, mahsulotlarni ochiq birja savdolari orqali sotish va SCADA tizimlari orqali mahsulot harakatini to‘liq nazorat qilish rejalari ma’lum qilindi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 2026 yilda kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 70 million kub metrga yetkazish uchun aniq geologik va texnik chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid