
«O‘zbekneftgaz» sentyabrdan AI-80 benzini ishlab chiqarishni to‘xtatadi
21.07.2025 | 12:4531483
«O‘zbekneftgaz» 2025 yil sentyabridan AI-80 benzini ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatadi va 2026 yildan faqat yuqori oktanli yonilg‘i turlarini ishlab chiqarish va sotishga o‘tadi. Bu qaror kompaniyaning Xitoy bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalari va ekologiyani muhofaza qilish strategiyasi doirasida qabul qilindi.

Mazkur rejaga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» va Xitoy Xalq Respublikasi 2024 yilda yiliga 1 mln tonna AI-92 va AI-95 benzini ishlab chiqarish bo‘yicha 60/40 ulushdagi investitsiya loyihasini yo‘lga qo‘ygan. Loyiha Buxoro neftni qayta ishlash zavodida (NQIZ) amalga oshiriladi.
Zavodda maxsus qo‘shilma — prisadka yordamida AI-92 benzini ishlab chiqarish bo‘yicha tajribalar o‘tkazildi. Tanlangan texnologiya orqali seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu orqali, yuqori oktanli benzin tannarxini pasaytirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, aniq narxlar hali ochiqlanmagan.
2025 yilda Buxoro NQIZda jami 1 mln 30 ming tonna benzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shundan 487 ming tonnasi AI-80, qolgan 543 ming tonnasi esa AI-92+ benzinidir. AI-80 ishlab chiqarishi faqat sentyabrgacha davom etadi. Undan keyin oyiga o‘rtacha 90 ming tonna AI-92+ ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Shu bilan, AI-80 benzini 2025 yilning o‘zida zaxiralardan to‘liq chiqarib yuboriladi va 2026 yildan bozorda faqat yuqori oktanli benzin turlari qoladi. Bu «O‘zbekiston–2030» strategiyasida ko‘zda tutilgan ekologik maqsadlarga ham mos keladi.





