
«O‘zbekneftgaz»ga 30 ta istiqbolli maydon ajratiladi
2026 yildan geologiya-qidiruvni jadallashtirish orqali gaz zaxiralarini oshirish rejalashtirilmoqda.

2026 yildan boshlab «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatiga geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun kamida 30 ta istiqbolli maydon taqdim etiladi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari O‘rol Sa’dullayev prezident huzurida o‘tgan taqdimotdan so‘ng ma’lum qildi.
12-yanvar kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatining kelgusidagi vazifalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishgan edi. Unda energetik xavfsizlikni mustahkamlash, gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish va geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan.
O‘rol Sa’dullayevning ta’kidlashicha, taqdimot doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga respublika hududidagi istiqbolli maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish vazifasi yuklatilgan. Natijada, 2026 yildan boshlab tayyor holga keltirilgan maydonlarni bosqichma-bosqich «O‘zbekneftgaz»ga berish rejalashtirilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, belgilangan maqsadlarga erishishda 2D va 3D-seysmik qidiruv ishlarini kengaytirish asosiy omil bo‘ladi. Shuningdek, geologik tadqiqotlar samaradorligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu jarayonda «O‘zbekgeofizika» korxonasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ham rejalashtirilgan. Innovatsion uskunalar va ilg‘or yondashuvlarni joriy etish orqali geologiya-qidiruv ishlarining aniqligi va natijadorligi oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, iqtisodiy blok va sohaviy rahbarlar tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish «O‘zbekneftgaz»ning moliyaviy holatini yaxshilash, tannarxni pasaytirish va mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.
«Taqdimotda 2026 yilda „O‘zbekneftgaz“ tomonidan qilinadigan ishlar, xususan, geologik qidiruv ishlarini rivojlantirish, geologiya tadbirlarini amalga oshirish, korxonaning moliyaviy holati, ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini tushirish masalasi batafsil ko‘rib chiqildi. 3 kun muddatda tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilib, unda ham barcha topshiriqlar batafsil yoritiladi», — deydi O‘rol Sa’dullayev.
Umuman, belgilangan vazifalar neft-gaz sohasida transformatsiya jarayonlarini chuqurlashtirish va milliy energetik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.





