«O‘zbekneftgaz»ning «Dolzarb 100 kunligi»: U 50 kunda qanday samara berdi?
«O‘zbekneftgaz»da boshlangan dastur yarmidayoq 1,1 trln so‘m qo‘shimcha iqtisodiy samara berdi.

«Dolzarb 100 kunlik» dasturining 50 kuni yakunlariga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz»da moliyaviy sog‘lomlashtirish va xarajatlarni optimallashtirish orqali sezilarli natijalar qayd etildi. Dastlabki ikki oyda sarf-xarajatlarni qisqartirish hisobiga 1,1 trln so‘m qo‘shimcha samaraga erishildi.
Dastur doirasida mablag‘lar avvalo geologiya-qidiruv ishlari, burg‘ilash, qazib chiqarish va qayta ishlashga yo‘naltirildi. 6500 km kv hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘pdir. Joriy yilda 103 ta quduq, jumladan, 58 ta izlov-qidiruv va 45 ta ishlatish qudug‘i burg‘ilanishi rejalashtirilgan.
20 ta investitsiya bloki uchun ruxsatnomalar olindi. Asbob-uskuna parkni modernizatsiya qilish maqsadida 12 ta burg‘ilash dastgohi, 2 ta 3D seysmik majmua va 100 dan ortiq karotaj uskunalarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Iqtisodiy samaradorlik bo‘yicha:
— debitor qarzdorliklarni undirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali 766 mlrd so‘m tejaldi (yil oxirigacha 2,5 trln so‘m kutilmoqda);
— qurilish va burg‘ilash loyihalarini optimallashtirish hisobiga 154 mlrd so‘m tejaldi (yil yakunida 1,7 trln so‘mgacha);
— sohaviy bo‘lmagan aktivlarni chiqarish orqali 3 mlrd so‘m tejaldi (yil oxirigacha 33 mlrd so‘m).
Markaziy apparatda xodimlar soni 875 nafardan 610 nafargacha (29 foiz) optimallashtirildi. Qo‘riqlash tizimini raqamlashtirish va laboratoriyalar faoliyatini yangicha tashkil etish natijasida 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy yo‘nalishda 280 mlrd so‘m mablag‘ xodimlar maoshini oshirish, zamonaviy avtobuslar xaridi, 200 o‘rinli yotoqxona, 160 o‘rinli oshxona va konferens zal qurilishiga ajratildi.
Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari:
— tozalangan tabiiy gaz — 2,276 mlrd m3 (109,4 foiz);
— gaz kondensati — 78,2 ming tonna (109,1 foiz);
— suyultirilgan gaz — 85,7 ming tonna (108,2 foiz);
— oltingugurt — 28 ming tonna (124 foiz);
— polietilen — 21 ming tonna (104,2 foiz).
Aholi va tadbirkorlarga 88,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi (111,6 foiz). «Uzbekistan GTL» MCHJda sintetik neft mahsulotlari ishlab chiqarish 33 ming tonnaga oshdi, o‘sish sur’ati 318 foizni tashkil etdi.





