«O‘zbekneftgaz»ning yangi rahbariyati oldingisining xatolarini takrorlamaydimi?
Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari eski rahbariyatning kamchiliklarini o‘rganganib, tahlil qilganini aytdi.

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining yangi rahbariyati oldingisi davrida amalga oshirilgan dasturlarni qayta ko‘rib chiqdi. Bu haqda AJ boshqaruv raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev kecha, 20-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Bu birinchi rahbariyatimizda yangi dastur ishlab chiqilganda, avvalambor eski amalga oshirilgan dasturlar qayta ko‘rib chiqildi. Ya’ni, tahlillar natijasida kamchiliklar aniqlab borib, o‘sha aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha o‘zimizga dastur qilib olganmiz. Bu nafaqat ishlab chiqarish yoki xaridlar yoki investitsiya, hamma yo‘nalish bo‘yicha qayta tahlil qilib chiqildi. Misol uchun, investitsiya faoliyati bo‘yicha ham loyihalarda har qanday besamara yoki faqat loyiha qilish uchun loyiha emas, ya’ni rostdan ham samara beradigan loyihalarni ko‘rish uchun alohida bizda investitsion ishchi guruh ishlab chiqarilgan», – dedi Hamroyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, investitsion paketga kiritish uchun yuqori malakali mutaxassislar, chet ellik mutaxassislar har bitta loyihaning samaradorligini aniqlab, u iqtisodiy manfaat keltirsagina, uni amalga oshirish bo‘yicha va investitsiya dasturiga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
«Xuddi shunday ishchi guruh geologiya yo‘nalishida ham alohida ishchi guruhlar tuzib olganmiz. Har bitta quduqni burg‘ulashdan oldin, uning bir joyini, ya’ni «tochka»sini aniqlashdan oldin yuqori malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan, faqatgina bizdan emas, tashqi mutaxassislar tomonidan ham o‘rganib chiqilib, keyin qaror qabul qilinadi», – dedi AJ rahbarining birinchi o‘rinbosari.
Shuningdek, Hamroyev komplayens-nazorat rejimi ham kuchaytirilganini ta’kidladi.
«Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari tomonidan bizda komplayens va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha alohida boshqaruv raisi o‘rinbosari tayinlangan. Boshqaruv raisi o‘rinbosari tomonidan mana shu tizimda, faqatgina apparatda emas, ya’ni ijro apparatida emas, butun tizimda ham mana shunaqa korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelmasligi uchun alohida qat’iy nazorat kuchaytirilgan, mana shu chora-tadbirlar belgilab olingan», – dedi Suhrob Hamroyev.
Yangi rahbariyat
2023-yilning mart oyidan «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi sifatida ishlagan Bahodirjon Bahromovich Siddiqov 2025-yilning dekabrida lavozimidan ozod etilgandi. Uning o‘rniga Abdug‘ani Abdurahmonovich Sanginov boshqaruv raisi etib tayinlandi.
Sanginov bir necha neft bazalari rahbarlarini ishdan oldi. 2026-yil fevral oyida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi.





