
O‘zboshimcha egallangan yerlarni qonuniylashtirish narxi oshirilmaydi
Kadastr agentligi o‘zboshimcha egallab olingan yerlarni qonuniylashtirish jarayoni fevral oxirida qimmatlashishi haqidagi xabarlarga rasmiy tushuntirish berdi.

O‘zbekistonda o‘zboshimcha egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarni qonuniylashtirish jarayoni narxi oshirilmaydi. Bu haqda Kadastr agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Agentlik ijtimoiy tarmoqlarda fevral oyi oxiridan keyin xatlov ishlari qimmatlashishi haqida tarqalayotgan xabarlarni rad etdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yerlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari 2024 yil noyabr oyidan boshlangan va hozirda rejali tarzda davom etmoqda. Jarayon 2028 yil 1-yanvarga qadar amalga oshiriladi. Shu davr mobaynida xizmatlar narxi oshirilmaydi va fuqarolardan qo‘shimcha to‘lov talab etilmaydi.
Agentlik ta’kidlashicha, xatlov jarayonida fuqarolarning hech qayerga murojaat qilishi shart emas. Kadastr agentligi xodimlari mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, barcha turar joy va yer uchastkalarini qamrab oladi.
«Fevral oxirigacha ulgurmay qolsangiz, qimmatga tushasiz degan masala yo‘q. Xatlovda hech qayerga murojaat qilinmaydi. Xatlov nomi bilan xatlov, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, xatlov o‘tkaziladi. Birorta odamning uyi qolib ketmaydi», — deyiladi rasmiy izohda.
Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar 291,7 mingta ariza jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Ulardan 38,28 mingta yer uchastkasi e’lon qilingan, 31,8 mingtasi ko‘rib chiqish jarayonida, 36,8 mingta yer uchastkasi bo‘yicha huquqlar e’tirof etilgan. Qolgan arizalar ham belgilangan tartibda bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, agentlik yolg‘on axborot tarqatish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini ham eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 8-noyabrdan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgan edi. Shu asosda Kadastr agentligi 2024–2025 yillar uchun maxsus reja-jadval ishlab chiqqan.





