Logo

Palov indeksi: eng qimmat palov Toshkentda, eng arzoni Qoraqalpog‘istonda

Bugun 20:302 daqiqa

Milliy statistika qo‘mitasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yil may oyida palov tayyorlash xarajati hududlar kesimida 103 ming so‘mdan 125 ming so‘mgacha bo‘lgan.

Palov indeksi: eng qimmat palov Toshkentda, eng arzoni Qoraqalpog‘istonda

Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yil may oyi uchun navbatdagi «Palov indeksi»ni e’lon qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar narxi asosida shakllangan eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, bir kilogramm shartli palov qiymati 125 ming 126 so‘mni tashkil etgan.

Reytingning ikkinchi pog‘onasidan Farg‘ona viloyati joy oldi. Bu hududda bir kilogramm palov tayyorlash xarajati 122 ming 884 so‘mga baholangan.

Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (119 ming 998 so‘m) va Toshkent viloyati (119 ming 694 so‘m) qayd etilgan.

Hududlar o‘rtasidagi farq 21 ming so‘mdan oshdi

Palov tayyorlash xarajati eng past bo‘lgan hudud Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘lib, u yerda mazkur ko‘rsatkich 103 ming 557 so‘mni tashkil etgan.

Hisobotga ko‘ra, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi farq 21 ming 569 so‘mga yetgan. Bu esa palov uchun ishlatiladigan asosiy mahsulotlar narxida hududlar kesimida sezilarli tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Bir kilogramm palovning hududlar kesimida hisoblangan qiymatlari quyidagicha:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 103 557 so‘m;
Andijon viloyati – 113 198 so‘m;
Buxoro viloyati – 115 466 so‘m;
Jizzax viloyati – 115 970 so‘m;
Qashqadaryo viloyati – 117 746 so‘m;
Navoiy viloyati – 116 889 so‘m;
Namangan viloyati – 115 801 so‘m;
Samarqand viloyati – 119 998 so‘m;
Surxondaryo viloyati – 117 800 so‘m;
Sirdaryo viloyati – 111 471 so‘m;
Toshkent viloyati – 119 694 so‘m;
Farg‘ona viloyati – 122 884 so‘m;
Xorazm viloyati – 114 394 so‘m;
Toshkent shahri – 125 126 so‘m.

Bu haqiqiy palov narxi emas

Statistika qo‘mitasi ta’kidlashicha, keltirilgan raqamlar hududlarda sotilayotgan bir kilogramm tayyor palov narxini anglatmaydi.

Indeks palov tayyorlash uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar — guruch, go‘sht, sabzi, piyoz, o‘simlik yog‘i va boshqa ingrediyentlarning o‘rtacha bozor narxlari asosida hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid