
Parijda Yangi Kaledoniya davlatini tuzish bo‘yicha tarixiy kelishuv imzolandi
12.07.2025 | 22:3021453
Fransiya tarkibidagi Yangi Kaledoniya orollarida uzoq yillar davom etgan nizolardan so‘ng, siyosiy harakatlar yangi davlat tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ammo yangi davlat to‘liq mustaqil emas, balki Fransiya bilan bog‘liq holda avtonomiyaga ega bo‘ladi.

12 iyul kuni Parij yaqinidagi Bujival shaharchasida Fransiya hukumati va Yangi Kaledoniyaning mustaqillik tarafdorlari hamda unga qarshi bo‘lgan guruhlar o‘rtasida kelishuvga erishildi. Politico nashi ma’lumotiga ko‘ra, kelishuvga muvofiq, yangi tuzilayotgan davlat o‘z fuqaroligini joriy etadi va orol aholisi ikki pasportga ega bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi.
Kelishuvda Yangi Kaledoniyaga xalqaro aloqalar yuritish vakolati ham berilgan. Fransiya esa iqtisodiy rivojlanish, xususan nikel sektorida, ko‘maklashish majburiyatini olgan. Fransiya Bosh vaziri Fransua Bayru ushbu kelishuvni «tarixiy ahamiyatga ega» deb baholadi.
Shu bilan birga, kelishuv to‘liq kuchga kirishi uchun Fransiya parlamenti tomonidan tasdiqlanishi va Yangi Kaledoniyada referendumda ma’qullanishi shart. Bu referendum orqali orol aholisi o‘z kelajagiga oid qaror qabul qiladi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yil may oyida Fransiya parlamenti orollarda yashovchi fransuz fuqarolariga mahalliy saylovlarda ovoz berish huquqini berish haqida qonun taklif qilgan edi. Bu taklif mahalliy Kanak xalqining noroziligiga sabab bo‘lib, ommaviy tartibsizliklarga olib kelgan.
Kelishuvga ko‘ra, yangi davlat tashkil etiladi, ammo u Fransiyaning milliy tizimi doirasida qoladi. Fransiya Adliya vaziri Jerald Darmanen bu kelishuv Yangi Kaledoniyaga kengroq vakolatlar va xalqaro tan olish imkoniyatini beradi, deb ta’kidladi. Yangi Kaledoniya Janubiy provinsiyasi yetakchisi Sonya Bakes esa, «bu yangi fuqarolik Fransiya fuqaroligini inkor etmaydi», deya bayonot berdi.





