
Parlament deputatlarining qanday ovoz berayotganini ochiqlanadi
01.08.2025 | 08:0027493
2027 yildan boshlab O‘zbekiston fuqarolari har bir deputat qaysi qonunga qanday ovoz berganini aniq bilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu parlament ochiqligini ta’minlashga qaratilgan yangi loyiha doirasida amalga oshiriladi.

Hozircha parlamentda ovoz berish natijalari jamoatchilikka umumiy raqamlarda — «yoqlagan», «qarshi» yoki «betaraf» bo‘lganlar soni ko‘rinishida taqdim etiladi. Ammo yaqin kelajakda har bir deputatning shaxsiy ovozi aniq ko‘rinishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda «Raqamli ma’lumotlar va rivojlanish: oshkoralik va javobgarlik» mavzusidagi davra suhbatida deputat Ilhom Abdullayev ma’lum qildi, deb yozmoqda Zamonaviy jurnalistikani rivorjlantirish markazi.
Ushbu imkoniyat Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida joriy etiladi. Loyiha 2024 yil 9 sentyabrda rasman boshlangan va uning umumiy qiymati 13,95 mln dollarni tashkil etadi.
Loyihada Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida real vaqtda to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatuvchi tizim o‘rnatish, shuningdek mahalliy kengashlar bilan videokonferensiyalar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Barcha jamoatchilik ushbu jarayonlarni yagona veb-sayt orqali kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.
Loyiha yakunlanishi 2027 yilga mo‘ljallangan. U parlament faoliyatida shaffoflik va javobgarlikni ta’minlashda muhim bosqich hisoblanadi. Shuningdek, mahalliy kengashlar bilan faol muloqotni kuchaytirish orqali fuqarolarning davlat ishlaridagi ishtiroki kengaytiriladi.
Markaz tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida jurnalistlar va davlat organlari matbuot xizmatlari vakillari raqamli vositalar bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu asosda jamoatchilikning davlat qarorlari ustidan nazorat olib borishiga yo‘l ochiladi.





