add

Pashinyan Armanistonda davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olinganini ma’lum qildi

25.06.2025 | 18:4029033

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatda «jinoiy-oligarxik ruhoniylar» rejalashtirgan davlat to‘ntarishi oldi olinganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, harakatning ortida Rossiyaga moyil «Muqaddas kurash» harakati va uning yetakchisi, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan turgan.

Pashinyan Armanistonda davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olinganini ma’lum qildi
Pashinyan Armaniston Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, to‘ntarish rejasi 2024 yil noyabridan boshlab tayyorlanganini aytdi. Hujjatlarga ko‘ra, rejada 200–250 kishidan iborat iborat jagovar guruhlar tuzilishi, ularning tarkibiga asosan sobiq harbiy va politsiyachilar jalb qilinishi nazarda tutilgan. Harakat a’zolari portlovchi moddalar va diversiya vositalarini ham sotib olgan. Fitnachilar yo‘llarda avtohalokatlar uyushtirish, o‘t qo‘yish orqali transport harakatini to‘xtatish, internet va elektr ta’minotini uzish, binolarga hujumlar uyushtirish orqali aholi hayotiga tahdid solishni mo‘ljallashgan. 2025 yil boshidan beri 1000 nafardan ortiq odam jalb qilingan, minglab yondiruvchi uskunalar tayyorlangan, Yerevan xaritasi asosida muhandislik infratuzilmasiga zarba berish rejalashtirilgan. Tergovga ko‘ra, rahbarlar o‘zlarini tashabbuskor sifatida ko‘rsatmasdan, amaliy harakatlarni boshqalarga topshirgan. Civic nashrining yozishicha, ushbu harakat rejasida Armanistonning Rossiyaga moyil sobiq prezidentlari va Rossiya kompaniyalari ham ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Chorshanba kuni Milliy xavfsizlik xizmati Bagrat Galstanyan va uning yaqinlariga taalluqli uylarda tintuv o‘tkazdi, bir qator faollar, jumladan polkovnik Migran Maxsudyan va jamoat faoli Ara Rostomyan qo‘lga olindi. Galstanyan 2024 yilda Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilgan namoyishlarga boshchilik qilgan edi. Namoyishlar Tavush viloyatini delimitatsiya qilish bo‘yicha Boku va Yerevan kelishuvidan so‘ng boshlangan.

Teglar

Mavzuga oid