«Paxtakor» futbol klubi 2025 yilda 50 mlrd so‘m zarar ko‘rdi
Klubning 2025 yilgi moliyaviy hisobotidan 50 mlrd so‘mdan ortiq zarar va 17 mlrd so‘mdan oshiq soliq qarzi borligi ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonning ko‘p karra chempioni, Toshkentning «Paxtakor» futbol klubi 2025 yilni 50 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar bilan yakunladi. Bu haqda Vaqt.uz’ga klubning iHamkor.uz portalidan ma’lum bo‘ldi.
Yil davomida klub 15,3 mlrd so‘m daromad olgan (asosiy faoliyatning boshqa daromadlari — 63,6 mlrd so‘m), biroq xarajatlari 128,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Bunda yillik zarar 50,8 mlrd so‘mga yetgan.
Taqqoslash uchun «Paxtakor» 2024 yilni uzoq yillardan beri birinchi marta foyda bilan yakunlab, 36,9 mlrd so‘m sof foyda olishga erishgan.
Soliqlarga kelsak, futbol klubi 2025 yilda 11 mlrd so‘mga yaqin soliq to‘lagan. Biroq, klubning 17,1 mlrd so‘m soliq qarzdorligi mavjud.

«Paxtakor» 2025 yilda O‘zbekiston Superligasini 60 ochko bilan ikkinchi o‘rinda yakunladi. Klub oxirgi marta 2023 yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Hozirda «Paxtakor» futbol klubi rasman 100 foiz Toshkent shahar hokimiyatiga qarashli hisoblanadi. Klub raisi — poytaxtning sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2024 yil boshida klub savdoga chiqarilgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo keyinchalik rasmiy kelishuv bo‘yicha axborot berilmagan.
Xususiylashtirish bo‘yicha e’londan sal o‘tib, Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor»ni rivojlantirmoqchi bo‘lgani, shu bilan birga, klub va stadionni xususiylashtirish uchun 100 dollar ham to‘lamoqchi emasligini aytgandi.
Ma’lumot uchun, 2026 yildan boshlab O‘zbekiston Superligasi ishtirokchilari davlat budjetidan 35 mlrd so‘mdan mablag‘ oladi.
Keyingi yillarda davlat moliyalashtirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi. 2027 yilda har bir klubga 30 mlrd so‘m, 2028 yilda esa 25 mlrd so‘mdan ajratilishi belgilangan. Bu esa klublarni mustaqil daromad manbalariga o‘tish uchun rag‘batlantiradi.





