Pensiya tayinlash tizimi to‘liq raqamlashtiriladi
Pensiya tizimida xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish maqsadida, 2026 yilda bosqichma-bosqich boshqa turdagi pensiyalarni ham proaktiv shaklga o‘tkazish ko‘zda tutilgan qarori loyihasi muhokamaga chiqarildi.

O‘zbekistonda pensiya tayinlash jarayonini bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Prezident qarori loyihasiga muvofiq, 2026 yildan boshlab imtiyozli pensiya turlari ham fuqarolarning alohida murojaatisiz, proaktiv shaklda tayinlanadi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hozirgi amaliyotga ko‘ra, umumiy yoshga doir pensiyalar erkaklar uchun 60 yoshdan, ayollar uchun 55 yoshdan, shuningdek nogironlik pensiyalari avtomatik ravishda tayinlanmoqda. Bunda fuqarolardan qo‘shimcha ariza talab etilmaydi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq ayrim shaxslarda muddatdan avval pensiyaga chiqish imtiyozlari mavjud. Jumladan, kamida 20 yil ish stajiga ega ayollar 54 yoshdan boshlab, ya’ni belgilangan yoshdan bir yil oldin yoshga doir pensiya olish imkoniyatiga ega. Mazkur norma 1999 yildan beri amal qiladi.
Shuningdek, texnologik o‘zgarishlar, ishlab chiqarishdagi transformatsiyalar, shtat qisqarishi yoki korxona tugatilishi sababli ishdan bo‘shatilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar pensiya yoshiga ikki yil qolganda pensiyaga chiqish huquqiga ega. Bu tartib 1994 yildan joriy etilgan.
Qaror loyihasiga muvofiq, aynan ushbu imtiyozli pensiyalar ham 2026 yildan boshlab avtomatlashtirilgan tarzda tayinlanadi. Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, hujjatda pensiya yoshini oshirish yoki o‘zgartirish bo‘yicha takliflar mavjud emas.
Tashabbus amaldagi huquqlarni saqlab qolgan holda, inson omilini qisqartirish va xizmat ko‘rsatish jarayonini shaffof hamda tezkor qilishga qaratilgan. Loyiha regulation.adliya.uz portalida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan.





