
Pentagon AQSH mudofaasining yangi strategiyasini e’lon qildi: Xitoy ikkinchi o‘ringa tushdi
Pentagon Donald Trampning «Amerikani himoya qilish» rejasini rasman tasdiqladi. Rossiya «nazorat ostidagi» xavf deb ataldi.

AQSH Mudofaa vazirligining 23-yanvar kuni e’lon qilgan yangilangan milliy mudofaa strategiyasida Xitoy ilk bor asosiy ustuvor maqomidan tushirildi. Hujjatga ko‘ra, Vashington uchun endi eng muhim vazifa — AQSH hududi, chegara xavfsizligi va G‘arbiy yarim shardagi strategik manfaatlarni himoya qilish hisoblanadi.
Ichki xavfsizlikka e’tibor kuchaydi
2026 yil uchun mo‘ljallangan strategiya avvalgi ma’muriyatlar, jumladan Jo Bayden davridagi yondashuvlardan sezilarli farq qiladi. Yangi rejada tashqi harbiy operatsiyalardan ko‘ra ichki xavfsizlikka ustuvor ahamiyat berilgan. Xususan, chegaralarni mustahkamlash, narkotrafikka qarshi kurash va mamlakat hududini to‘g‘ridan-to‘g‘ri himoya qilish asosiy vazifalar sifatida belgilangan.
Pentagon hujjatda AQSH izolyatsiya siyosatiga amal qilmasligini ta’kidlaydi va ittifoqchilardan jamoaviy xavfsizlikka ko‘proq hissa qo‘shishni kutayotganini ochiq aytgan. Shu bilan birga, Amerika qurolli kuchlarining asosiy e’tibori birinchi navbatda o‘z hududini himoya qilishga qaratiladi.
Strategik mintaqalarga kirish masalasi
Shuningdek, Pentagon prezident Donald Trampga Arktikadan Janubiy Amerikagacha bo‘lgan muhim mintaqalarda, jumladan Grenlandiya, Amerika ko‘rfazi va Panama kanalida harbiy hamda tijoriy kirishni ta’minlash bo‘yicha aniq variantlar taqdim etishini bildirgan.
Xitoy ikkinchi, ittifoqchilar uchinchi o‘rinda
Hujjatda Xitoy ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Bu 2022 yilgi strategiyadan farqli yondashuv bo‘lib, unda Pekin AQSHning asosiy strategik raqobatchisi sifatida baholangan edi. Uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida ittifoqchilarning jamoaviy xavfsizlikka qo‘shadigan hissasini oshirish — shu jumladan G‘arbiy yarim sharda Kanada va Meksika, Yevropa qit’asida esa Yevropa davlatlarining roli belgilangan. To‘rtinchi o‘rinda mudofaa sanoati bazasini qayta tiklash vazifasi turibdi.
Rossiyaga nisbatan baho
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush to‘rt yillik chegaraga yaqinlashayotgan bir paytda, Moskva hisbotda nisbatan qisqa tilga olingan. Rossiya NATOning sharqiy a’zolari uchun «doimiy, lekin boshqariladigan tahdid» sifatida tasvirlangan. Shuningdek, Pentagon Rossiya tomonidan AQSH hududiga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni qaytarish uchun Amerika qo‘shinlarining tayyor holatda bo‘lishini ta’minlashi ta’kidlangan.
Avvalgi strategiyalardan farqli o‘laroq, 2026 yilgi talqin ochiqchasiga siyosiy xarakterga ega bo‘lib, Jo Bayden va undan oldingi ma’muriyatlar ko‘proq tilga olingan. Unda AQSH hukumati uzoq vaqt davomida asosiy e’tiborni amerikaliklarning manfaatlariga qaratmagani tanqid qilingan.
Strategiya xulosasi
«Biz tinchlik yo‘lida urushning oldini olish uchun qilich va qalqon bo‘lamiz, lekin zarur bo‘lsa, mamlakat uchun kerakli urushlarda jang qilishga va g‘alaba qozonishga tayyor bo‘lamiz», — deb xulosa qilinadi strategiyada.





