
Pentagon Tramp topshirig‘i bilan Ukrainaga qurol yetkazib berishni qayta boshladi
08.07.2025 | 13:4530103
AQSH prezidenti Donald Trampning ko‘rsatmasiga binoan, Pentagon Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni qayta boshladi. Bu orqali Vashington Kiyevga Rossiya tajovuziga qarshi mudofaa salohiyatini oshirishda yordam ko‘rsatmoqchi.
AQSH Mudofaa vazirligi rasmiy bayonot berishicha, Ukraina yanada ko‘proq amerika qurollari bilan ta’minlanadi. Bu qaror prezident Donald Trampning shaxsiy ko‘rsatmasi asosida qabul qilindi. Qo‘shimcha qurollar Kiyevning o‘zini Rossiya hujumlaridan himoya qilishi uchun yo‘naltiriladi.
Pentagon vakili Shon Parnell ta’kidlashicha, Vashingtonning maqsadi — Ukrainaga faqat qurol emas, balki barqaror tinchlik va zo‘ravonlikni to‘xtatishga xizmat qiladigan mexanizmlarni yetkazishdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hukumatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — dunyo bo‘ylab mudofaa sohasidagi yetkazib berish tizimini samarali saqlashdir.
AQSH Mudofaa vazirligi qo‘shimcha qilib, qurol yetkazib berish siyosati «Eng avvalo Amerika» shioriga mos holda shakllantirilayotganini ma’lum qildi. Trampning aytishicha, AQSH Ukrainaga qurol berishni qayta yo‘lga qo‘yishi shart, chunki bu mamlakat o‘zini himoya qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak.
«Biz qurol yuborishimiz kerak. Ular o‘zini himoya qilmog‘i shart», — dedi Tramp o‘z chiqishida.Mazkur qaror Pentagon Ukrainaga ayrim qurollarni yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatganidan so‘ng e’lon qilindi. Bundan Kiyev jiddiy tashvishga tushgan, Vashington esa yetkazib berishdagi kechikishlar nafaqat Ukraina, balki boshqa davlatlarga ham taalluqli ekanini ta’kidlagan edi.





