Logo

Pizishkiyon AQSH bilan tuzilgan memorandum matnini e’lon qildi

Bugun 19:465 daqiqa

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon «X» ijtimoiy tarmog‘ida AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan imzolangan memorandum nusxasini joylashtirdi. Pizishkiyon ushbu hujjatni tarixiy deb atadi va «tinchlikka o‘zaro hurmat soyasida erishiladi», deya ta’kidladi.

Pizishkiyon AQSH bilan tuzilgan memorandum matnini e’lon qildi

Memorandum loyihasi 14 ta bandni o‘z ichiga oladi.

1. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi, shuningdek, ularning ushbu urushdagi ittifoqchilari mazkur O‘zaro anglashuv memorandumini imzolash orqali barcha frontlarda, jumladan Livanda harbiy harakatlar zudlik bilan va uzil-kesil to‘xtatilishini e’lon qiladi hamda bundan buyon bir-birlariga qarshi hech qanday urush yoki harbiy amaliyotlar boshlamaslik, shuningdek, bir-birlariga nisbatan kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid qilishdan tiyilish va Livanning hududiy yaxlitligi hamda suverenitetini ta’minlash majburiyatini oladi. Yakuniy kelishuv barcha frontlarda, jumladan Livanda urushning uzil-kesil to‘xtatilishini va ushbu bandning boshqa qoidalarini tasdiqlaydi.

 

2. Eron Islom Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari bir-birlarining suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini hurmat qilish va bir-birlarining ichki ishlariga aralashishdan tiyilish majburiyatini oladi.

 

3. Eron Islom Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari muzokaralar olib borish va o‘zaro rozilik asosida uzaytirish imkoniyati bilan eng ko‘pi bilan 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish majburiyatini oladilar.

 

4. Ushbu Memorandum imzolanganidan so‘ng zudlik bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron Islom Respublikasiga qarshi dengiz blokadasini va har qanday to‘siqlarni bekor qilishni boshlaydi hamda 30 kun ichida harbiy-dengiz blokadasini to‘liq to‘xtatadi. Bu davrda kemalar qatnovi Eron Islom Respublikasi tomonidan tiklanayotgan urushdan oldingi dengiz qatnovi hajmiga mutanosib ravishda amalga oshiriladi. Amerika Qo‘shma Shtatlari, shuningdek, yakuniy kelishuv tuzilganidan keyin 30 kun ichida o‘z qo‘shinlarini Eron Islom Respublikasi bilan chegaradosh hududlardan olib chiqib ketish majburiyatini oladi.

 

5. Ushbu O‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin Eron Islom Respublikasi 60 kun davomida tijorat kemalarining faqat Fors ko‘rfazidan O‘mon bo‘g‘oziga va orqaga xavfsiz hamda bepul o‘tishini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga soladi. Tijorat kemalarining qatnovi zudlik bilan boshlanadi, texnik va harbiy to‘siqlarni bartaraf etish hamda minalardan tozalash zaruratini inobatga olgan holda, Eron Islom Respublikasi tomonidan ushbu choralar 30 kun ichida ko‘riladi. Eron Islom Respublikasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kelgusi boshqaruv va dengiz xizmatlarini belgilash uchun O‘mon Sultonligi bilan muloqot olib boradi, shuningdek, amaldagi xalqaro huquq va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sohilbo‘yi davlatlarining suveren huquqlariga muvofiq ushbu masalani Fors ko‘rfazining boshqa sohilbo‘yi davlatlari bilan muhokama qiladi.

 

6. Amerika Qo‘shma Shtatlari mintaqaviy hamkorlar bilan birgalikda Eron Islom Respublikasini qayta tiklash va iqtisodiy rivojlantirish uchun kamida 300 milliard dollar ajratishni nazarda tutuvchi yakuniy, o‘zaro kelishilgan rejani ishlab chiqish majburiyatini oladi. Ushbu rejani amalga oshirish mexanizmi 60 kun ichida, yakuniy kelishuv doirasida batamom muvofiqlashtiriladi. Tegishli moliyaviy amaliyotlar uchun zarur bo‘lgan barcha litsenziyalar, ruxsatnomalar va roziliklar Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan taqdim etiladi.

 

7. Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron Islom Respublikasiga qarshi barcha turdagi sanksiyalarning, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari, AEXA Boshqaruvchilar kengashi rezolyutsiyalari hamda AQSHning birlamchi va ikkilamchi barcha bir tomonlama sanksiyalarining amal qilishini yakuniy bitim doirasida kelishilgan jadval asosida to‘xtatish majburiyatini oladi. Eron Islom Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari sanksiyalarni to‘xtatish bo‘yicha yuqorida qayd etilgan masalaning o‘ta muhim ekanini tan oladi hamda bu borada o‘zaro kelishuvga erishish uchun muzokaralar davomida ushbu masalalarni zudlik bilan ko‘rib chiqish niyatida ekanliklarini bildiradi.

 

8. Eron Islom Respublikasi yadroviy qurol sotib olmasligini yoki ishlab chiqmasligini tasdiqlaydi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi to‘plangan boyitilgan yadroviy materiallar masalasini 7-bandda ko‘rsatilgan jadvalga binoan, har ikki tomon kelishadigan mexanizm asosida, AEXA nazorati ostida joyida suyultirishni nazarda tutuvchi eng oddiy usul orqali hal qilishga kelishib oldi. Tomonlar, shuningdek, yakuniy bitimda kelishilgan me’yoriy-huquqiy baza asosida Eron Islom Respublikasining yadroviy ehtiyojlariga oid boyitish va boshqa o‘zaro kelishilgan masalalarni muhokama qilishga kelishib oldi. Yakuniy bitim ushbu band qoidalarini tasdiqlaydi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi yuqorida qayd etilgan yadroviy masalalarning o‘ta muhimligini tan olgan holda, ular bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishish uchun muzokaralar davomida bu masalalarni zudlik bilan ko‘rib chiqish niyatida ekanini bildiradi.

 

9. Yakuniy kelishuv tuzilguniga qadar Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi mavjud status-kvoni o‘zgarishsiz saqlab turishga kelishib oldi. Eron Islom Respublikasi o‘z yadroviy dasturining hozirgi holatini saqlab qoladi, Amerika Qo‘shma Shtatlari esa hech qanday yangi sanksiyalar joriy etmaydi va mintaqaga qo‘shimcha kuchlarni joylashtirmaydi.

 

10. Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu O‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan so‘ng zudlik bilan va sanksiyalar bekor qilinguniga qadar, AQSH Moliya vazirligi Eron xom nefti, neft mahsulotlari va ularning hosilalari eksportiga, shuningdek, bank operatsiyalari, sug‘urta, tashish kabi barcha bog‘liq xizmatlar uchun ruxsatnomalar berish majburiyatini oladi.

 

11. Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu O‘zaro anglashuv memorandumi ijro etilishi boshlanganidan keyin Eron Islom Respublikasining muzlatib qo‘yilgan yoki foydalanilishi cheklangan mablag‘lari va aktivlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini ta’minlash majburiyatini oladi. Eron Islom Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari muzokaralar davomida ushbu mablag‘larni ozod qilish bilan bog‘liq tartib-taomillarni o‘zaro muvofiqlashtiradi. Bunday mablag‘lar, ularning dastlabki hisobraqamda turgani yoki boshqa joyga o‘tkazilganidan qat’i nazar, Eron Islom Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan har qanday yakuniy benefitsiar foydasiga to‘lovlarni amalga oshirish uchun to‘liq hajmda ishlatilishi lozim. Amerika Qo‘shma Shtatlari bunga muvofiq barcha zarur litsenziya va ruxsatnomalarni berish majburiyatini oladi.

 

12. Eron Islom Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu O‘zaro anglashuv memorandumining muvaffaqiyatli bajarilishini hamda kelajakda yakuniy kelishuv shartlariga rioya etilishini nazorat qilish uchun ijro mexanizmini tashkil etishga kelishib oldi.

 

13. Ushbu O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangach va uning 1, 4, 5, 10 hamda 11-bandlari bajarila boshlashi, shuningdek, ko‘rsatilgan chora-tadbirlarning bajarilishi davom ettirilishi sharti bilan Eron Islom Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari yakuniy kelishuv hamda qolgan bandlar yuzasidan muzokaralarni boshlaydi.

 

14. Yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan ma’qullanishi lozim.

Teglar

Mavzuga oid