
Pokiston Qandahorga zarba berdi
17.10.2025 | 18:4046754
Pokiston harbiy-havo kuchlarining Afg‘onistonning Qandahor viloyatiga bergan aviazarbasi oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi, yana 170 kishi yaralandi.

Pokiston aviatsiyasi Afg‘onistonning Qandahor viloyatidagi Spin-Buldak chegaradosh tumaniga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda Tolo News telekanali mahalliy hokimiyatga asoslanib, xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 40 kishi halok bo‘lgan, yana 170 kishi jarohat olgan.
Xabarlarga ko‘ra, to‘p o‘qlari Nokli, Vardak, Kuchian, Sho‘rabak va Shahid hududlariga tushgan. Bir nechta turar-joy binolariga putur yetgan.
O‘zi nimalar bo‘lmoqda?
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat tarang bo‘lib qolmoqda.
9 oktyabr kuni Kobulda portlashlar sodir bo‘ldi, shundan so‘ng Afg‘oniston hukumati Pokistonni poytaxt va Margi tumanidagi hujumlarni uyushtirganlikda aybladi.
11 oktyabr kuni chegaradosh Paktiya viloyatida ikki mamlakat chegara qo‘shinlari o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar yuz berdi.
Afg‘oniston tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu janglarda 58 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lgan, yana 30 nafari yaralangan. Afg‘oniston kuchlari qurol-yarog‘ va texnikaning bir qismini qo‘lga kiritganini bildirdi. Afg‘oniston hukumati vakili o‘z tomonidan to‘qqiz nafar askar halok bo‘lganini tasdiqladi.
Afg‘oniston Qatar va Saudiya Arabistoni vositachiligida jangovar harakatlar to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Pokiston armiyasi esa o‘z navbatida 23 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani va 29 nafari yarador bo‘lganini xabar qildi hamda Afg‘oniston rahbariyati bilan aloqador deb hisoblangan 200 dan ortiq kishini «yo‘q qilganini» e’lon qildi.
15 oktyabr kuni tomonlar 48 soatlik muddatga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishdilar.





