
Polkovnik o‘zini prezident deb e’lon qildi
15.10.2025 | 22:3013664
U bunga majburligini aytdi. Chunki Madagaskarda na prezident, na parlament yuqori palatasi rahbari, na hukumat qolgan edi.

Madagaskardagi harbiy to‘ntarishning yetakchisi, CAPSAT quruqlikdagi qo‘shinlarining elita bo‘linmasi polkovnigi Mikael Randrianirina saylovlar o‘tkazilgunga qadar prezident vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritishini ma’lum qildi. Bu haqda Associated Press (AP) xabar bermoqda.
«Qasamyod qilish marosimi shart. Biz bu yerda kamida 18 oy, maksimal ikki yil qolamiz», - dedi u agentlikka bergan intervyusida.
Madagaskar qurolli kuchlari o‘tgan dam olish kunlari prezident Andri Rajoelinaning ketishi ortidan mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda AP.
Agentlik bilan suhbatda Randrianirina davlat rahbari vazifasini Oliy Konstitutsiyaviy sud taklifiga binoan va prezident yo‘qligida o‘z zimmasiga olganini tushuntirdi.
«Kecha biz butun mas’uliyat yukini o‘z zimmamizga olishga majbur bo‘ldik, chunki mamlakatda hech narsa qolmadi: na prezident, na parlament yuqori palatasi rahbari, na hukumat», - dedi u.
Avvalroq, Randrianirina parlament quyi palatasi bundan mustasno, barcha davlat institutlari tarqatib yuborilganini e’lon qilgan edi. Uning aniqlik kiritishicha, 2010-yilgi Konstitutsiya «bir necha marta buzilgani uchun» to‘xtatib qo‘yilgan.
Seshanba kuni quyi palata prezidentni impichment qilish uchun ovoz berdi: 160 deputatdan 130 nafari bu qarorni yoqlab ovoz berdi.
Madagaskarda elektr va suv ta’minotidagi uzilishlar tufayli 22 sentyabrda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. 29 sentabrda namoyishlar tarqatib yuborilgach, prezident hukumatni tarqatib yubordi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, Rajoelina o‘tgan hafta oxirida Fransiya harbiy samolyotida mamlakatni tark etgan. Bungacha u parlament quyi palatasini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan, bu qarorga rioya qilishdan bosh tortgan.





