
Polsha Putinni hibsga olish bilan tahdid qildi
«Rossiya rahbarining samolyotini majburiy qo‘ndirishga sud buyruq bermasligiga kafolat bera olmaymiz», - dedi Polsha TIV rahbari

Polsha Tashqi ishlar vazirligi rahbari Radoslav Sikorskiy, agar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning samolyoti Polsha havo hududidan uchib o‘tsa, uni hibsga olishlarini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Polsha Rossiya yetakchisining AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Budapeshtdagi uchrashuv uchun parvozi davomida uning daxlsizligini kafolatlay olmaydi.
«Polshaning mustaqil sudi hukumatga samolyotni majburiy qo‘ndirish va gumonlanuvchini Gaagaga jo‘natishni buyurmasligiga kafolat bera olmayman», - dedi Sikorskiy Rodzina radiosi efirida.
U Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olgan barcha davlatlar Putinni o‘z hududida paydo bo‘lganida hibsga olishlari va uni Gaagaga jo‘natishlari shart ekanini eslatib o‘tdi.
«Menimcha, Rossiya tomoni buni juda yaxshi tushunadi. Shu sababli, agar uchrashuv bo‘lib o‘tsa, samolyot boshqa yo‘nalishni tanlashi ehtimoldan xoli emas», - deya qo‘shimcha qildi vazir.
XJS 2023 yilda Rossiya prezidentini ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblab, hibsga olish orderini chiqargandi. Rossiya sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va ayblovlarni rad etadi.
Biroq, Putin Vengriyaga Polsha hududi orqali uchishi ehtimoldan yiroq, garchi bu Rossiyadan Budapeshtgacha bo‘lgan eng qisqa to‘g‘ri yo‘nalish bo‘lsa ham. Ehtimol, Rossiya rahbari Qora dengiz, Bolgariya, Serbiya va Vengriya havo kengliklari orqali uchadi.
Aksincha, Bolgariya esa Putin samolyoti uchun havo yo‘lagini taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Georg Georgiyevning ta’kidlashicha, «agar ishtirokchilardan biri uchrashuv joyiga yetib bora olmasa, tinchlik muzokaralarini olib borishning iloji yo‘q».
Moskva hozircha Bolgariya orqali uchib o‘tish uchun rasmiy so‘rov yubormagan, ammo bu yo‘nalish Vengriya poytaxtiga parvoz vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi. Boshqa yo‘llar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yoki Ukraina ustidan o‘tadi, bu esa ularni siyosiy va huquqiy jihatdan murakkablashtiradi.
Bosh vazir Viktor Orban Moskva va Vashington bilan iliq munosabatlarni saqlab kelayotgan Vengriya Putinning xavfsiz tashrifi va vataniga qaytishini ta’minlashga va’da berdi. Biroq, mamlakatga kirish uchun Rossiya samolyoti Yevropa Ittifoqining hech bo‘lmaganda bitta davlati ustidan uchib o‘tishi kerak - ularning barchasi, jumladan, Bolgariya va Polsha XJS a’zosi bo‘lib qolmoqda.





