Logo

Portugaliyadan yirik mag‘lubiyat: statistika O‘zbekistonni oqlayaptimi?

Bugun 17:152 daqiqa

Portugaliyadan qabul qilingan og‘ir mag‘lubiyat tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ammo 19 ming o‘yin tahlili bu natija kutilmagan emasligini ko‘rsatmoqda.

Portugaliyadan yirik mag‘lubiyat: statistika O‘zbekistonni oqlayaptimi? © Foto: ufa.uz

Kecha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Portugaliyaga qarshi o‘yindagi yirik mag‘lubiyati futbol jamoatchiligida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Biroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev keltirgan tahlil natijalari mazkur natijani kengroq kontekstda baholash zarurligini ko‘rsatadi.

FIFAning so‘nggi reytingiga ko‘ra, Portugaliya dunyoda 9-o‘rinni egallagan bo‘lsa, O‘zbekiston 54-o‘rinda joylashgan. Ya’ni ikki jamoa o‘rtasida 45 pog‘onalik farq mavjud. Bu esa xalqaro futbol amaliyotida sezilarli tafovut hisoblanadi.

Mirkomil Xolboyev 1992 yildan keyingi barcha FIFA reytinglari va rasmiy uchrashuvlar ma’lumotlarini tahlil qilgan. Tahlil qamroviga 19 mingga yaqin rasmiy o‘yin kiritilgan bo‘lib, ularning 8,5 mingtasida jamoalar reytingi o‘rtasidagi farq 40 pog‘onadan yuqori bo‘lgan.

mikronomika

Manba: Mirkonomika

Reyting nima deydi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, reytingda yuqori turgan jamoalar bunday o‘yinlarning 71,3 foizida g‘alaba qozongan. Faqat 10,8 foiz holatda reytingda ancha past joylashgan jamoa sensatsiya qayd etgan. Qolgan 17,9 foiz uchrashuvlar durrang bilan yakunlangan.

Agar favorit jamoa FIFA reytingining top-10ligiga kirsa, reytingda undan kamida 40 pog‘ona past turgan raqibning g‘alaba qozonish ehtimoli 7,5 foizgacha tushadi.

Tahlil yana bir muhim jihatni ko‘rsatadi. Reytingda kamida 40 pog‘ona yuqori bo‘lgan jamoa g‘alaba qozongan o‘yinlarning 42,8 foizida hisobda uch yoki undan ortiq to‘p farqi qayd etilgan. Boshqacha aytganda, bunday qarama-qarshiliklarda yirik hisoblar deyarli har ikki o‘yindan birida uchraydi.

O‘zbekiston tajribasi

O‘zbekiston milliy jamoasi 1992 yildan buyon o‘zidan reytingda 40 yoki undan ko‘proq pog‘ona yuqori turgan raqiblarga qarshi 29-marta maydonga tushgan. Bu uchrashuvlarning 4 tasida g‘alaba qozonilgan, 11 tasida esa durrang qayd etilgan. Demak, jamoa mazkur bahslarning yarmidan ko‘prog‘ida mag‘lubiyatdan qutula olgan.

FIFA reytingining top-20ligiga kiradigan jamoalar bilan O‘zbekiston besh marta to‘qnash kelgan. Ulardan ikkitasi durrang bilan tugagan bo‘lsa, uchtasida mag‘lubiyat qayd etilgan. Bu ro‘yxatga Portugaliya, Kolumbiya va uch martagi Yaponiyaga qarshi bahslar kiradi.

Shu bilan birga, Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, kechagi uchrashuv O‘zbekistonning yuqori reytingli raqiblarga qarshi odatiy o‘yinlari bilan taqqoslaganda ancha zaif o‘tgan. Biroq katta statistik baza nuqtai nazaridan qaralsa, bunday farq mavjud bo‘lgan jamoalar o‘rtasida favoritning g‘alabasi va hatto yirik hisoblar kuzatilishi tabiiy hol hisoblanadi.

«Shu ma’noda kechagi natijadan norozi bo‘lish unchalik to‘g‘ri emas. Albatta, hammasi bundan yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Lekin shu o‘yinning o‘zi ham jamoamiz uchun juda muhim tajriba vazifasini o‘tashi shubhasiz», — deydi Mirkomil Xolboyev.

Teglar

Mavzuga oid