
«Potok» operatsiyasida qatnashgan rus askarlarida saraton aniqlandi
27.06.2025 | 18:002043
Rossiya armiyasi tomonidan Kursk viloyatini ozod qilish jarayonida amalga oshirilgan «Potok» maxsus operatsiyasi qatnashchilarida o‘pka saratoni aniqlangan.

Rossiyalik jurnalist Anastasiya Kashevarovaning ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya davomida jangchilar 15,7 km masofadagi gaz quvurida harakatlanishgan va 6 kun davomida shu quvurda yashashgan. Ushbu murakkab va xavfli vazifa davomida ular dushman orqasida joylashib, o‘z burchlarini bajarishgan. Biroq, operatsiyadan keyin jangchilarning aksariyatida o‘pka shikastlanishlari kuzatilgan. Ularga Kursk shifoxonalarida «o‘rtacha og‘ir bronxit» tashhisi qo‘yilgan.
Anastasiya Kashevarovaning yozishicha, mazkur tashxis yolg‘on bo‘lib, askarlarda o‘pka saratoni rivojlangan. Ba’zilarga 100 ming rubllik kompensatsiya to‘langan, biroq bu to‘lovlar jiddiy kasalliklarning sabablarini hisobga olmagan. Ba’zi jangchilarning sog‘lig‘i rak yoki tromboemboliya kabi og‘ir holatlargacha yetib borgan.
Qayd etilishicha, jangchilarning kasalliklari rasmiy ravishda jangda olingan shikast yoki og‘ir jarohat sifatida tan olinmagan. Shu sabab ular qonunchilik bo‘yicha kompensatsiya va mukofot olish huquqidan mahrum qilingan.
Umuman olganda, operatsiyada qatnashgan 11-brigada, «Veteran», «Axmat», DSHRB «Vostok», 30-polk va 106-brigada jangchilari na mukofotlangan va na rag‘batlantirilgan. Genshtab ularni mukofotlashga arzimaydi, degan qaror qabul qilgan. Masala rus jamoatchiligida keskin norozilik uyg‘otgan. Jangchilar bu operatsiyada hayotlari va sog‘lig‘ini qurbon qilgan bo‘lsa-da, rasmiylar ularning xizmatini inkor etmoqda. Murojaatda Genshtabga qayta ko‘rib chiqish va ushbu qarorni adolatli hal etish so‘ralgan.





