Poytaxt ko‘chalarida bir hafta oldin o‘rnatilgan temir panjaralar yana olib tashlanmoqda

Kecha 10:552 daqiqa

8 yil oldin xavfli deb topilib, Toshkent ko‘chalaridan olib tashlangan panjara to‘siqlar qayta o‘rnatilayotgan edi. Endi esa panjalar talab etilgan balandlikka mos kelmagani vaj qilinib, yana olib tashlanyapti.

Poytaxt ko‘chalarida bir hafta oldin o‘rnatilgan temir panjaralar yana olib tashlanmoqda

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida bir hafta avval o‘rnatilgan yo‘nalishlarni ajratuvchi panjaralar qayta olib tashlandi.

Manbalarga ko‘ra, to‘siqlar belgilangan texnik talablarga javob bermagani uchun vaqtincha olib tashlangan. Ma’lum bo‘lishicha, panjaralar zarur balandlikdan past bo‘lib chiqqan. Shu sababli ular qayta ishlanib, yana o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Hozircha Toshkent shahar IIBB YHXB hamda Toshkent shahar hokimligi vaziyat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

Temir panjaralar nega o‘rnatilyapti?

Ma’lumotlarga ko‘ra, temir panjaralar Toshkent shahri ko‘cha va yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash va piyodalar bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida o‘rnatilmoqda. Eng qiziq jihati shundaki, 2017-2018 yillarda ayni shu sabab bilan temir to‘siqlar olib tashlangan edi.

2025 yil may oyida Toshkent shahar hokimi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan temir panjaralar o‘rnatish uchun 6,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

2017 yilda Toshkent shahar ma’muriyati yirik ko‘chalar o‘rtasiga o‘rnatilgan metall to‘siqlar, ayniqsa piyodalar o‘tish joylari va chorrahalar atrofida, haydovchilar uchun ko‘rinishni cheklayotganini ochiq tan olgan. Keyinchalik, 2018 yilda YHXB ham rasmiy bayonot berib, 30 ta ko‘chadagi to‘siqlar harakat xavfsizligini oshirmagani, aksincha, haydovchilar va piyodalar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirganini qayd etgan.

O‘tgan yilda esa Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ko‘chalar o‘rtasiga yashil va boshqa rangdagi to‘rli panjara o‘rnatishni boshlagan. Boshqarma esa bunga yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va piyodalar oqimini tartibga solingan, kesib o‘tish uchun mo‘ljallangan joylarga yo‘naltirish maqsadida o‘rnatilayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Ma’lumot uchun: temir panjaralarni o‘rnatadigan pudratchi «Qarshi Stroy Sentr» kompaniyasi 2025 yil 10−28-noyabr kunlari Toshkent shahri hokimiyati qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» tomonidan o‘tkazilgan to‘siq o‘rnatish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Tender natijalariga ko‘ra, «Qarshi Stroy Sentr» eng yuqori ball to‘plagan holda g‘olib bo‘lgan va 6 mlrd 6 mln 446 ming 265,20 so‘mga (QQS bilan) 90 kun ichida qurilish ishlarini bajarish majburiyatini olgan.

Teglar

Mavzuga oid