
Prezident: 2035 yilgacha zararli gazlar chiqarilishini 50 foizga qisqartirish majburiyatini oldik
Shavkat Mirziyoyev yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida O‘zbekiston 2035 yilga qadar emissiyani 50 foizga qisqartirish majburiyatini olganini ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Braziliyada bo‘lib o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida O‘zbekiston Parij bitimi doirasida yangi va ahamiyatli majburiyatni o‘z zimmasiga olganini eslatib o‘tdi.
«Yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Ya’ni 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik», dedi davlat rahbari.
Prezident ta’kidlaganidek, mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Jahon banki bilan hamkorlikda ICRAFT nomli innovatsion loyihani amalga oshirmoqda. Bu dunyodagi ilk dasturlardan biri bo‘lib, u orqali mamlakat tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi xalqaro hisobda qayd etildi. Shu asosda uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlangani ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi «yashil» energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlashtirish tizimiga o‘tgani ham qayd etildi. Kelgusi ikki yilda bu kabi korxonalar soni 100 tagacha oshirilishi rejalashtirilgan. Bu ishlab chiqarishda uglerod izini qisqartirish va energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mirziyoyev qo‘shni davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorlikni ham alohida ta’kidladi. Mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan «Qambar-ota GES-1» loyihasini moliyalashtirish boshlanishi belgilandi. Shuningdek, Yevropa bozoriga elektr energiyasi eksport qilishni ko‘zda tutuvchi «yashil yo‘lak» tashabbusida Ozarboyjon va Qozog‘istonning faol ishtirokini qo‘llab-quvvatladi.
Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarishi, «yashil» energetika ulushini keskin oshirishi va mintaqaviy energetika bozorida mustahkam o‘rin egallashini ta’minlashi kutilmoqda.





