Prezident: Bunday kamchiliklar odamlarni davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda

Prezident murojaatlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan keyingina ko‘rib chiqilyotganini tanqid qildi.

Prezident: Bunday kamchiliklar odamlarni davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda

O‘zbekistonda har o‘n ming aholiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Oxirgi yillarda Xalq qabulxonalariga hokimlarning o‘zi rahbar etib tayinlangan. Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida rahbarlar murojaatlar bilan shaxsan shug‘ullangani natijasida murojaatlar soni 25–30 foizga kamaygani, aholi ko‘targan masalalarning 60–70 foizi ijobiy hal etilayotgani ma’lum qilindi.

Biroq boshqa hududlarda bu tizim yetarlicha samara bermayotgani qayd etildi. Masalan, Toshkent shahrida 170 ming va Toshkent viloyatida 110 ming murojaatning yarmidan ko‘pi hal etilmagan. Surxondaryo, Samarqand va Toshkent shahrida takroriy murojaatlar soni ham ko‘paygan.

Masalan, fuqaro yanvar oyida maktab o‘quvchisi Sergelidan oqib o‘tadigan “Jo‘nariq” kanaliga tushib ketganini aytib, buzilgan ko‘prikni qayta tiklashni so‘ragan. Bu masalaga ikki oy davomida birorta mas’ul e’tibor qaratmagan, murojaatga yuzaki javob berilgan. Holat ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan keyingina mablag‘ ham topilgan, ko‘prik ham qurilgan.

Prezident bunday holatlar aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Sergelida nima bo‘lgan edi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi mahalladan oqib o‘tuvchi kanal ustidagi ko‘prik olib tashlangani sababli bolalar maktabga qatnash uchun kanal ustidagi quvur (truba)dan o‘tayotgani aks etgan video tarqalgandi. Xabarlarda qayd etilishicha, ikki oy oldin eski ko‘prik buzib tashlangan.

Xabarlar tarmoqlarda muhokama qilingach, Toshkent shahar hokimining qarori bilan ushbu hududda ko‘prik qurilishi uchun 1 mlrd 860 mln so‘m pul ajratilgan.

«Toshkent shahar hokimining kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga Toshkent shahri, Sergeli tumani, Yuqori Darxon mahalla hududidan oqib o‘tuvchi Jo‘n kanali ustidan o‘tgan ko‘prikni qayta qurish ishlari uchun talab etilayotgan 1 860,0 mln (bir milliard sakkiz yuz oltmish million) so‘m mablag‘ni ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin», – deyiladi shahar hokimi Shavkat Umurzoqov imzolagan hujjatda.

Shahar hokimligining matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning VAQT.UZʼga ma’lum qilishicha, kanal ustidan o‘tgan quvur o‘z joyida qoladi, quvurdan taxminan 50 metr masofada ko‘prik quriladi. Yangi ko‘prikdan mashinalar ham, odamlar ham o‘ta oladi. Avvalgi ko‘prik hashar usulida qurilgan va avariyaviy holatda bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid