
Prezident farmoni bilan 615 nafar mahkum afv etildi
Konstitutsiya kuni munosabati bilan qabul qilingan afv etish bo‘yicha farmonga muvofiq ko‘plab mahkumlar afv etildi.

O‘zbekiston prezidenti Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, Konstitutsiyaning 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan va qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 615 nafar shaxs afv etildi. Ular orasida jazoni o‘tash shartlari va tuzalish yo‘lidagi harakatlari inobatga olingan holda turlicha huquqiy yengilliklar qo‘llandi.
Jumladan, 220 nafar shaxs asosiy jazodan to‘liq ozod qilindi. 123 nafar mahkum shartli ravishda muddatidan oldin ozod etildi. 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq turdagi jazo bilan almashtirildi. Shu bilan birga, 175 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlar tarkibi turli toifalarni qamrab olgan bo‘lib, ular orasida 9 nafar chet el fuqarosi, 29 nafar ayol, 60 yoshdan oshgan 23 nafar erkak, 264 nafar yosh, jumladan 2 nafar voyaga yetmagan shaxs bor. Shuningdek, 9 nafar taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan shaxs ham afv qilindi.
Farmon ijrosi doirasida afv etilganlarni oilasi bag‘riga qaytarish, jamiyatga moslashishlari va foydali mehnat bilan shug‘ullanishlariga ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddi idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.





