Logo

Prezident Markaziy bank va davlat banklari rahbarlari faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirildi

Shavkat Mirziyoyev banklarning mahallalardagi ishini keskin tanqid qildi. Natija ko‘rsatmagan rahbarlar uch oy ichida lavozimidan ozod etilishi mumkin.

Prezident Markaziy bank va davlat banklari rahbarlari faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirildi © prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan iqtisodiy o‘sish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bank tizimi faoliyati qattiq tanqid qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Prezident Markaziy bankning hududiy rahbarlari hamda davlat banklari filiallari boshliqlarining mahallalardagi ishidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi.

Qayd etilishicha, 2026-yil viloyat va tuman banklari hamda mahalla uyushmalari uchun sinov va amaliy attestatsiya yili bo‘ladi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, keyingi uch oy ichida aniq natija ko‘rsatgan rahbarlar o‘z lavozimida qoladi, samara bermaganlari esa ishdan ozod etiladi.

Shuningdek, Bosh prokuratura va Hisob palatasiga har bir mahallada amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalarini doimiy nazorat qilish vazifasi yuklatildi.

Biznesga bosim kamayadi

Yig‘ilishda mahallalarda ozodalik, yashash madaniyati va hovlilar bilan ishlash masalalari ham tanqidiy muhokama қилинди. Prezident hovli uylarni ham boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan qamrab olish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari mamlakatda aholining biznes boshlashi va eksportga chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, tadbirkorlarga nisbatan ortiqcha byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratildi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda 51 ta vazirlik va idora 322 ta yo‘nalish bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. 2024–2026-yillarda ushbu tartibda qariyb 3 trillion so‘mlik jarimalar qo‘llangan.

Byurokratiya qisqaradi

Prezident jazo qo‘llaydigan tashkilotlar rahbarlari yondashuvini o‘zgartirishi lozimligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, nazorat organlari tadbirkorni jazolashdan avval unga xatoni bartaraf etish imkoniyatini berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi kerak.

Shuningdek, tashqi bozorlarda raqobat kuchayib borayotgan sharoitda eksportchilarning xarajatlarini kamaytirish vazifasi qo‘yildi. Masalan, bir fura gilosni eksport qilishda bojxona yig‘imi, fumigatsiya, sertifikat va deklarant xizmati uchun 5 million so‘mgacha qo‘shimcha xarajat qilinayotgani aytildi.

Prezident barcha vazirlar va tarmoq rahbarlariga bir hafta muddatda o‘z tizimidagi byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin qisqartirish hamda biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni Prezident Administratsiyasiga kiritishni topshirdi.

Teglar

Mavzuga oid