
Prezident selektorida «katta tozalash»
O‘zbekiston Prezidenti bugun, 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bir qator amaldorlarni ishdan oldi. Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunovning qamoqqa olinishi, Akmalxon Ortiqov va Mubin Mirzayevning ishdan ketishi — bu hali boshlanishi ekani aytilmoqda. «O‘zbekneftegaz» AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketyapti.
2026 yilning tozalashlari yanvar oyidan boshlandi. Prezident bir oydan beri qamoqda ekani aytilayotgan IIVning ikki mulozimi haqiqatan ham qamoqda ekanini tasdiqladi. Ular davlat pulini o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bir tomonda esa “O‘zbekneftgaz” AJda katta taftish ishlari ketmoqda.
Bu va boshqa muhim ma’lumotlarni 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari» yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ochiqladi.
Selektor oldingilarga qaraganda ancha tanqidiy ruhda o‘tdi. Bu safar ishdan olinganlar ko‘p. Hayfsan olgan, keskin tanqid qilinganlar ham yo‘q emas.
Yanvar oyi boshidan buyon qamoqqa olingani iddao qilinayotgan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i bo‘lgan Rustam Tursunov haqiqatan ham qamoqda ekani ochiqlandi. Ular davlatga tegishli 186 milliard so‘mni o‘zlashtirgani ayblanmoqda.
«Korrupsiyaviy sxemalar bo‘yicha 4,2 trillion so‘m zarar aniqlanib, 1,3 trillion so‘mi undirildi. 55 nafar shaxs qamoqqa olindi. Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va departament boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yig‘ilishni Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev va Toshkent shahar prokurori v.b. Anvar O‘rmonovni tanqid qilish va hayfsan berib, olti oylik sinov muddati belgilash bilan boshladi.
Davlat rahbari IIBB va shahar prokurorini jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish o‘rniga faqat mikroavtobusda shahar aylanish bilan bandligini tanqid qildi.
Shuningdek, departament birinchi o‘rinbosari Kenjayev, xavfsizlik rahbari Berliboyev, Milliy gvardiyadan Ortiqov, Toshkent shahar sudi raisi Olimjon Ismailov, adliya birinchi o‘rinbosari Hamdam Nazarov, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Bahodirovich Saidov, soliqchilardan Nasimjonov respublikaga namuna bo‘lmayaptiganini keskin tanqid qildi va ularni haligacha eski “qolip”dan chiqib keta olmayotgani aytdi.
Prezident Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi to‘g‘ri tashkil etilmagani uchun muammolar to‘planib qolganini ham qo‘shimcha qildi.
«Ichki ishlar boshliqlari profilaktika inspektorlarini ertalab soat yettida va kechqurun o‘nda yig‘ib, soatlab yig‘in o‘tkazadi. Ular huquqbuzarlik bilan ishlash o‘rniga kommunal qarzdorlik va aliment undirish, armiyaga yuborish va boshqa jamoat ishlariga ham jalb qilinmoqda. Oqibatda ularni mahalladan topib bo‘lmaydi. Bir nechta mahallaga o‘zim odam yubordim. Ko‘pi ish joyida yo‘q yoki boshqa ish bilan yuribdi», dedi Prezident.
Bundan tashqari, Toshkent shahar ichki ishlar tizimidagi tergovchi va surishtiruvchilar faoliyatida sifat yo‘qligi, xodimlarda malaka yetishmagani uchun o‘tgan yili 833 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay, yashirilgani aytildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik, bezorilik bo‘yicha, Yunusobod bosqinchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda. Yoki o‘tgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng ko‘p sodir etilgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligini aytib, bozorlarni raqamlashtirish juda sust ketayotganini, Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga mas’ul o‘rinbosari Zufar Qurbonov tayinlanganiga ikki yildan oshganiga qaramasdan, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha hali sezilarli natija ko‘rinmayotganini tanqid qildi.
Prezident soliq masalasiga ham to‘xtalib, Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trillion so‘mga yetgani va bu budjet yiliga 7,5 trillion so‘mni yo‘qotishga olib kelayotganini ta’kidladi. Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekanini aytib, ayrim soliq boshliqlari tushumni ko‘paytirish o‘rniga qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkor”larga “homiylik” qilish bilan band ekanini ham ochiqladi.
Prezident bu ishlar ortidan o‘tgan haftada Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Usmanov ishdan olinib, unga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, u inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgani, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgani aniqlanganini aytdi.
Shuningdek, Prezident Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan “Chorsu” bozorida to‘lov intizomi yo‘lga qo‘yilmagani, “Malika” savdo kompleksisida esa ahvol bundan ham ayanchli ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini yaxshi ishlayotgan tadbirkorlarga ortiqcha soliq solish orqali to‘ldirayotgani, jumladan, 46,4 ming korxonadan 876 milliard so‘m ortiqcha to‘lov undirilgani ochiqlandi.
Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan. O‘tgan yilda mazkur soliqni noqonuniy qaytarish bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Videoselektor davomida ushbu yo‘nalishga javobgar bo‘lgan, yetti yildan beri ishlab kelayotgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi aytildi va Mirzayev ishdan olindi.
Shuningdek, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirig‘i ham berildi. Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latovga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalari boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish topshirildi.
Nafaqat IIB va soliq, balki prokuratura tizimida ham ishdan olishlar bo‘ldi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘aniyev qo‘shtirnoq ostidagi “tadbirkor”larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgani uchun bugunning o‘zida ishdan olindi.
Prezident hozirda “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ham ma’lum qildi.
Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan.
Shu bois, kecha agentlik direktori Ortiqov ishdan olindi.
Selektorda Toshkent shahri misolida aytilgan barcha masalalar butun respublika huquq-tartibot idoralariga birdek tegishli ekani qayd etildi. Bundan tashqari, ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Ularning barchasi bilan VAQT.UZ saytida tanishishingiz mumkin.
Teglar






