Logo

Prezident tanqidiga uchragan bank rahbarlari, elchilar ishini tahlil qiladigan Saida Mirziyoyeva va yo‘l qurilishidagi yangi nazorat — 21-iyul dayjesti

Kecha 23:033 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Prezident tanqidiga uchragan bank rahbarlari, elchilar ishini tahlil qiladigan Saida Mirziyoyeva va yo‘l qurilishidagi yangi nazorat — 21-iyul dayjesti

O‘zbekistonda islomiy banklarni litsenziyalash tartibi tasdiqlandi

Adliya vazirligi islomiy banklar tashkil etish va an’anaviy banklarda «islomiy darcha» ochishni litsenziyalash tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi nizomga ko‘ra, islomiy bank faoliyati faqat litsenziya asosida amalga oshiriladi. Litsenziya olish uchun banklar uch yillik biznes-reja, islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati, islomiy moliya kengashi haqidagi ma’lumotlar va alohida hisob yuritish imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.

Yangi talablarga ko‘ra, islomiy bank faoliyati uchun mas’ul rahbar xodim bank yoki moliya tizimida kamida 7 yillik ish tajribasiga, tegishli oliy ma’lumotga va AAOIFI xalqaro sertifikatiga ega bo‘lishi shart. Islomiy moliya kengashi esa kamida uch nafar a’zodan iborat bo‘lib, 2027 yil 1-iyuldan boshlab barcha a’zolar AAOIFI sertifikatiga ega bo‘lishi talab etiladi. Markaziy bank litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorni hujjatlar qabul qilinganidan keyin ikki oy ichida qabul qiladi.

Yo‘l qurilishida laboratoriya nazorati bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Adliya vazirligi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarida laboratoriya sinovlarini o‘tkazishning yagona tartibini tasdiqladi. Yangi nizomga ko‘ra, pudrat tashkiloti bajarilayotgan ishlar sifati ustidan doimiy laboratoriya nazoratini ta’minlashi shart. Agar uning o‘z laboratoriyasi bo‘lmasa, shartnoma asosida tashqi laboratoriya jalb qilinishi mumkin.

Shuningdek, yo‘l ishlarini qabul qilish jarayonida buyurtmachi faqat akkreditatsiyadan o‘tgan mustaqil laboratoriyani jalb qiladi. Pudratchining o‘z laboratoriyasi yoki u jalb qilgan laboratoriyani qabul qilish bosqichida qayta ishlatish taqiqlanadi. Yangi tartib yo‘l qurilishi va ta’mirlash ishlari sifatini nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan.

Prezident Markaziy bank va davlat banklari rahbarlari faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy o‘sishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Markaziy bankning hududiy rahbarlari va davlat banklari filiallari boshliqlarining mahallalardagi faoliyatidan qattiq norozi ekanini bildirdi. Davlat rahbariga ko‘ra, keyingi uch oy ichida aniq natija ko‘rsatgan rahbarlar ishida qoladi, samara bermaganlari esa lavozimidan ozod etiladi. Shuningdek, Bosh prokuratura va Hisob palatasiga mahallalardagi ishlar natijadorligini doimiy nazorat qilish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda tadbirkorlikka ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish masalasi ham ko‘tarildi. Qayd etilishicha, hozir 51 ta vazirlik va idora 322 yo‘nalish bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega bo‘lib, 2024–2026 yillarda qariyb 3 trln so‘mlik jarimalar qo‘llangan. Prezident nazorat organlari tadbirkorlarni jazolashdan avval xatolarni bartaraf etish imkoniyatini berishi va bir hafta ichida byurokratiya hamda ortiqcha to‘lovlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar kiritishni topshirdi.

Saida Mirziyoyevaga diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilish topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishida xorijdagi investitsiya loyihalari ijrosi va diplomatik vakolatxonalar faoliyati tanqid qilindi. Qayd etilishicha, 52 ta oliy darajadagi tashrif doirasida 213 mlrd dollarlik 1617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan bo‘lsa-da, ular ijrosini nazorat qilishda kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Shu bois investitsiya loyihalari bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni yuritish Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligiga yuklatildi.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport yo‘nalishidagi diplomatik vakolatxonalar ishini kompleks tahlil qilish uchun maxsus komissiya tuzish topshirildi. Tahlil yakunlari bo‘yicha o‘z vazifasini samarali bajara olmayotgan diplomatlarni yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar tayyorlanadi.

O‘zbekistonda go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda import go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyozni yil oxirigacha uzaytirish hamda aviatashuv xarajatlarini qoplash uchun 300 mlrd so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bu qaror mamlakatda go‘sht narxining oshishi va chorvachilikda aniqlangan kamomad fonida qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakatda qoramollar soni 2,1 mln boshga, qo‘y va echkilar esa 1,5 mln boshga avvalgi hisobotlarga nisbatan kam ekani aniqlangan. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun chorvachilik loyihalariga qo‘shimcha mablag‘ ajratilib, yil yakuniga qadar chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki import qilish vazifasi qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid