Logo

Prezident Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li qurilishiga start berdi

Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazadi, yuk tashish tannarxi esa 20-24 foizga pasayishi kutilmoqda.

Prezident Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li qurilishiga start berdi © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari ushbu loyihani mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam, deb atadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda mamlakat bo‘ylab 78 trillion so‘m mablag‘ evaziga 128 ming kilometr avtomobil yo‘lida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Endi esa xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy avtomagistrallar tarmog‘ini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan yangi avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Olti polosali yo‘l loyihasi doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi quriladi. Magistralga og‘ir yuk mashinalari hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari uchun mo‘ljallangan mustahkam monolit beton qoplama yotqiziladi.

Tekis hududlarda avtomobillar soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, yo‘lda zamonaviy xavfsizlik tizimlari, intellektual boshqaruv texnologiyalari va raqamli xizmatlar joriy qilinishi orqali yo‘l-transport hodisalarini sezilarli darajada kamaytirish rejalashtirilgan.

Yangi yo‘l vaqtni tejaydi


Loyiha amalga oshirilgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti hozirgi 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Yangi avtomagistral sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, yuk tashish tannarxi 20–24 foizga pasayishi kutilmoqda. Bu esa logistika xarajatlarini qisqartirish, mahsulotlarni tezroq yetkazib berish va ichki bozor hamda eksport raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Prezident o‘z nutqida ta’kidlaganidek, yaqin yillarda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li va Transafg‘on temir yo‘li ishga tushishi bilan mamlakat Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik transport yo‘lagining muhim bo‘g‘iniga aylanadi. Bu orqali Pokiston portlari orqali Hind okeani hamda qariyb ikki milliard aholi istiqomat qiladigan Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyati kengayadi.

Yangi investitsiyalar va ish o‘rinlari

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga qo‘shimcha 15–20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qilishi mumkin. Bu mamlakatga har yili 400–600 million dollar qo‘shimcha daromad keltirishi kutilmoqda.

Shuningdek, logistika markazlari va terminallar qurilishi uchun 3 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi, kamida 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratilishi prognoz qilinmoqda. Prezidentning ta’kidlashicha, avtomagistral nafaqat transport tizimi, balki butun iqtisodiyotning o‘sishi uchun drayver vazifasini bajaradi.

Jahon banki tahlillariga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga sarflangan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga besh barobargacha qaytim keltiradi. Yangi avtomagistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotini taxminan 3 foizga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yo‘l o‘tadigan aholisi ikki milliondan ortiq bo‘lgan 13 ta tuman uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratiladi. Magistral bo‘ylab logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo va servis majmualari, mehmonxonalar hamda turizm obyektlari barpo etiladi. Bu mahalliy tadbirkorlar uchun ham yangi buyurtmalar va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish imkonini yaratadi.

Marosimda Prezident Xiva – Urganch avtomagistrali qurilishi boshlanganini, Toshkent – Andijon avtomagistrali bo‘yicha xalqaro tender yakuniga yetayotganini hamda Toshkent – Bo‘stonliq yo‘lini loyihalash ishlari yakunlanayotganini ma’lum qildi.

«Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz», — dedi Prezident va kapsula qo‘yib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.

Teglar

Mavzuga oid