Prezident Toshkent viloyatidagi polimer mahsulotlar korxonasiga bordi
Shavkat Mirziyoyev «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkida faoliyat yuritayotgan «Kmita Polymers» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
© prezident.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida joylashgan «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkida faoliyat ko‘rsatayotgan «Kmita Polymers» korxonasiga tashrif buyurdi.
Korxona Rossiyaning «Polymers» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, maxsus va keng assortimentdagi polietilen hamda termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
6 ming 670 kvadrat metr maydonni egallagan korxonada Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida keng assortimentdagi polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Uning ishga tushirilishi natijasida 9,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta’minlanmoqda.
Loyiha ikki bosqichli kengaytirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil etadi. Uning birinchi bosqichida 7,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi.
Loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Keyingi bosqichlarda ish o‘rinlari soni yanada ko‘payishi kutilmoqda.
2025-yilda bu yerda 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, 6 million dollarlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilindi.
Korxona ishlab chiqarayotgan polimer mahsulotlar «Coca-Cola», «Pepsi», «Flash», «Chernogolovka», «Ackerman», «Asl Oyna», «Biolife» va «Family Group» kabi yirik brendlarning qadoqlash tizimlarida mahalliy xomashyo sifatida qo‘llanilmoqda.
Qadoqlash industriyasi zamonaviy sanoatning eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Chunki mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib borgan sari uni xavfsiz saqlash, tashish va bozorga yetkazib berish talablari ham kuchayayotgani qayd etildi.
Shu ma’noda, bunday korxonalar sonining ko‘payishi nafaqat bir tarmoqning rivojlanishiga, balki oziq-ovqat sanoati, qurilish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning barqaror ishlashiga ham xizmat qilishi aytib o‘tildi.





