
Prezident: Xalqaro sertifikatlar – qimmat bozorlarga chiqishning kaliti
26.05.2025 | 15:0027483
Mahsulot sifatini xalqaro miqyosda isbotlash va eksport hajmini oshirish uchun sertifikatlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezident xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni ta’minlashda xalqaro sertifikatlarni asosiy omil deb atadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda eksport ko‘rsatkichlari va ularni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi to‘rt oyida umumiy eksport 20 foizga oshgan. Bu o‘sish asosan kimyo, oziq-ovqat, meva-sabzavot, IT, turizm va transport xizmatlari hisobiga ta’minlangan.
Biroq to‘qimachilik sohasida pasayish kuzatilgan. Eksport hajmi 825 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 175 million dollarga kam. Prezident bu holatga izoh berar ekan, sifatli ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotlarimiz xalqaro bozorda arzon baholanmoqda, chunki ularning sifatini tasdiqlovchi yetarlicha xalqaro sertifikatlar mavjud emas. Prezident xalqaro sertifikatlar mahsulot qiymatini oshirish va yangi bozorlarga chiqishda hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi.
Hozirgi kunda to‘qimachilik sohasidagi 1,5 mingdan ziyod yirik va o‘rta korxonalardan faqat 244 tasigina xalqaro sertifikatga ega. Shu bois, Savdo-sanoat palatasi har bir korxonaga borib, sertifikatlash jarayonida amaliy yordam ko‘rsatishi zarurligi qayd etildi.
Yaqin haftalarda Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida kamida 20 tadan, qolgan hududlarda esa 10 tadan korxona xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi uchun ko‘maklashish vazifasi topshirildi.





