
Prezident Yakkabog‘dagi «Yangi O‘zbekiston» massivini ko‘zdan kechirdi
19.06.2025 | 20:0014803
Qashqadaryo viloyatida barpo etilgan «Yangi O‘zbekiston» massivi aholi farovonligini ta’minlash va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini joriy etishda yangi bosqichni boshladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 iyun kuni mazkur massivga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

18 gektarlik hududda 54 ta besh qavatli uy barpo etilgan bo‘lib, ularda jami 1 400 xonadon aholi ixtiyoriga topshiriladi. Uylar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari, bolalar maydonchalari va avtoturargohlari bilan aholi uchun barcha qulayliklarni yaratadi.
Massiv hududida qurilgan uch qavatli «Eko bozor» aholiga mahalliy mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish imkonini beradi. 640 ta ish o‘rni yaratilgan ushbu bozorda Prezident sotuvchilar va xaridorlar bilan bevosita muloqotda bo‘ldi. U bunday bozorlar xalq farovonligi va bozor madaniyatini aks ettirishini ta’kidlab, ular sonini ko‘paytirish zarurligini bildirdi.
Massivda ekologik xavfsizlik va energiya tejamkorligiga ham katta e’tibor qaratilgan — uy va infratuzilma ob’ektlariga quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilgan. Bu esa uzluksiz energiya ta’minotini ta’minlaydi.
Aholining dam olishi va yoshlarning faol vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sayilgohlar, bolalar bog‘chasi, sport maydonlari, sog‘lomlashtirish inshootlari va servis markazlari barpo etilgan. Prezident mutasaddilarga shunday konsepsiyada boshqa tuman markazlarini ham rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Manba: Prezident matbuot xizmati





