add

Prezidentga yirik madaniyat va turizm ob’ektlari loyihalari taqdim etildi

Taqdimotda Buxoro shahrining bosh rejasi, Samarqandda «Ipak yo‘li» muzeyini qurish, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash loyihalari ko‘rib chiqilgan.

Prezidentga yirik madaniyat va turizm ob’ektlari loyihalari taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlar natijalari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi ustuvor vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm ob’ektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro madaniy makonda o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. Samarqandda o‘tkazilgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegat ishtirok etdi. Ushbu tadbir yakunlari bo‘yicha madaniy merosni muhofaza qilish, ta’lim va kreativ iqtisodiyot sohalarida milliy tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Yaponiyada bo‘lib o‘tgan EKSPO–2025 ko‘rgazmasida O‘zbekistonning ishtiroki ham ijobiy baholandi. 1,2 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan«Bilimlar bog‘i» paviloniga qariyb 1 million kishi tashrif buyurdi. Ayni paytda Saudiya Arabistonida o‘tadigan EKSPO–2030 ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ishlari boshlanib, 3,6 ming kvadrat metrli pavilon qurilishi rejalashtirilmoqda.

Buxoroda o‘tkazilgan birinchi Zamonaviy san’at biyennalesi ham turizmni rag‘batlantiruvchi omil sifatida qayd etildi. 70 kun davom etgan tadbir 40 dan ortiq davlatdan ijodkorlarni jalb qilib, qariyb 1,8 million tashrif buyuruvchini qamrab oldi. Shuningdek, xalqaro konsert dasturlari o‘tkazilgan shaharlarda mehmonxonalar bandligi 90 foizdan oshdi.

Taqdimotda yirik infratuzilmaviy loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Samarqandda «Ipak yo‘li» muzeyini qurish orqali shaharning tarixiy merosini zamonaviy muzey formatlarida namoyon etish, uni ta’lim va madaniy muloqot markaziga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash ko‘zda tutilgan bo‘lib, piyodalar uchun qulay yo‘laklar va yaxlit muzey muhitini shakllantirish maqsad qilingan.

Alohida e’tibor Buxoro shahrining yangi bosh rejasiga qaratildi. Unga ko‘ra, tarixiy-etnografik bog‘ barpo etilib, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, savdo va tijorat ob’ektlari hamda yuqori toifali mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Bu shaharning turistik jozibadorligini oshirish va xizmatlar sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va turizm loyihalarini uyg‘un holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va samarali boshqaruvini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid