Logo

«Propiska» va «zagranpasport» uchun rozilikni onlayn berish mumkin bo‘ladi

Migratsiya va personallashtirish sohasida davlat xizmatlaridan foydalanishda «E-Rozilik» platformasini ishga tushirish taklif etilmoqda. U orqali uchinchi shaxsning roziligi talab qilinadigan xizmatlar uchun Face-ID yoki MyID yordamida masofadan elektron rozilik rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

«Propiska» va «zagranpasport» uchun rozilikni onlayn berish mumkin bo‘ladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi migratsiya va personallashtirish sohasida elektron rozilik berish tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, 2026 yil 1-avgustdan boshqa shaxsning roziligi talab qilinadigan davlat xizmatlari uchun «E-Rozilik» platformasi ishga tushiriladi. Fuqarolar Face-ID yoki MyID orqali shaxsini masofadan tasdiqlab, rozilikni elektron shaklda rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Rasmiylashtirilgan elektron rozilik O‘zbekiston hududida qog‘oz ko‘rinishidagi rozilik bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Qanday xizmatlarda qo‘llanadi?


Yangi tizim orqali bir qator davlat xizmatlari uchun elektron rozilik berish mumkin bo‘ladi. Jumladan:

voyaga yetmaganlarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ota-onalari yoki vasiylar (homiylar)ning roziligini olish;

15−18 yoshdagi voyaga yetmaganlarning mustaqil ravishda chet elga chiqishlariga rozilik berish;

16 yoshga to‘lmagan bolalarga ID-karta rasmiylashtirish uchun ota-ona yoki qonuniy vakilining roziligini olish;

O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy fuqarolar va yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nomidan migratsiya organlariga hujjat topshirish va olish bo‘yicha rozilik berish (fuqarolikka oid ma’lumotnomalar, fuqarolikni qabul qilish yoki undan chiqish, taklifnoma javobi);

fuqarolikdan chiqishda ota-ona va turmush o‘rtog‘idan rozilik olish;

fuqarolikni qabul qilishda fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ota-onasidan biri yoki ikkalasi ham chet el fuqarolari bo‘lgan taqdirda ularning roziligini olish;

fuqarolar, xorijiy fuqarolar hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar nomidan hujjat topshirish va olishda rozilik berish;

turgan joyi yoki yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish va ro‘yxatdan chiqarishda uy-joy egasi yoki manfaatdor shaxslarning roziligini olish;

xorijga doimiy yashash uchun chiqishda ota-ona va turmush o‘rtog‘ining roziligini olish;

xonadonda turgan yoki yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turuvchi shaxslar haqida ma’lumot (17-shakl) olishda uy-joy egasining roziligini olish;

xususiy sektorda chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatga qo‘yishda uy-joy egasining roziligini olish;

bank taqiqi mavjud bo‘lgan uy-joyga yashash yoki turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun bank roziligini olish va boshqalar.

To‘lov va amal qilish muddati

Elektron rozilikni Passport-visa mobil ilovasi orqali rasmiylashtirish uchun BHMning 50 foizi — 206 ming so‘m, migratsiya bo‘limiga shaxsan murojaat qilinganda esa BHMning 30 foizi — 123,6 ming so‘m yig‘im undirilishi taklif etilgan.

Rozilik beruvchi platformada ro‘yxatdan o‘tib, elektron arizani to‘ldiradi va Face-ID orqali shaxsini tasdiqlaydi. Shundan keyin tizim elektron rozilikni avtomatik shakllantiradi, rozilik oluvchi esa bu haqda mobil ilova yoki SMS orqali xabardor qilinadi.

Elektron rozilik bir oy davomida amal qiladi va davlat xizmati ko‘rsatilgunga qadar istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin. Biroq to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.

Qaror loyihasiga muvofiq, IIV platformani ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘ladi, Adliya vazirligi esa uni «Vakolat.uz» platformasi bilan integratsiya qiladi.

Loyiha muhokamasi 5-avgustga qadar davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid