
Putin Aliyevni davlat to‘ntarishiga urinishdan ogohlantirgan — Rossiya OAV
20.10.2025 | 08:3810024
Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevni mamlakatdagi to‘ntarish urinishi haqida shaxsan xabardor qilgan. Hodisa ortidan Prezident devoni rahbari Ramiz Mehdiyev qo‘lga olingani va unga davlatga xiyonat ayblovi qo‘yilgan.

Rossiya matbuotidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarboyjonda tayyorlanayotgan davlat to‘ntarishi haqidagi ma’lumotni Vladimir Putin shaxsan Ilhom Aliyevga yetkazgan. Hodisadan so‘ng Ozarboyjon Prezident devoni rahbari Ramiz Mehdiyev hibsga olindi. Unga hokimiyatni egallash va vatanga xiyonat moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Manbalarning xabar berishicha, voqealar Rossiya hududidan uchib chiqish paytida havo hujumidan himoya tizimlari bilan shikast yetkazilgan Ozarboyjon yo‘lovchi samolyoti fonida ro‘y bergan. Ushbu aviahalokatda 38 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan va aynan shu voqea Moskva bilan Boku o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirgan.
Euronews yozishicha, shiddat bilan yomonlashgan munosabatlar fonida Mehdiyev Moskva bilan yashirin aloqa o‘rnatib, Rossiyadan to‘ntarish rejasini amalga oshirishda yordam so‘ragan. Uning rejasiga ko‘ra, hokimiyatni egallab, o‘tish davrida mamlakatni boshqaruvchi vaqtinchalik kengash tashkil etish va uning rahbari o‘zi bo‘lishni rejalashtirilgan.
Bir necha kun ichida Ozarboyjon huquqni muhofaza qiluvchi idoralari Mehdiyevni ushlab, u boshqargan davlat organlarida qidiruv va tinglov ishlarini o‘tkazgan. Minval axborot agentligi ma’lumoticha, Mehdiyev o‘z lavozimidan ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil dekabr oyida Rossiya havo mudofaasi tizimi xatolik bilan Ozarboyjon yo‘lovchi samolyotiga shikast yetkazgan. Boshqaruv tizimi ishdan chiqqan samolyotning Qozog‘istonning Oqtov shahrida avariyaviy qo‘nishi chog‘ida natijada 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi omon qolgan. Moskva voqea uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan edi.
Keyinchalik, Yekaterinburgdagi Rossiya politsiyasi amaliyoti chog‘ida ikki ozarboyjonlikning o‘limi ikki mamlakat munosabatlarini yanada buzgandi.
Shuningdek, Dushanbedagi so‘nggi uchrashuvdan so‘ng Ilhom Aliyev Rossiya va Ozarboyjon munosabatlari «muvaffaqiyatli rivojlanmoqda», deya bayonot bergan, ammo keyingi voqealar bu munosabatlarga jiddiy soya solgani ma’lum bo‘ldi.





