add

Putin G20 sammitiga borishdan qo‘rqdi: JARda uni xatar kutmoqda

23.10.2025 | 08:424401

Vladimir Putin noyabr oyi oxirida Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida shaxsan ishtirok etmaydi. Bu qaror Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi chiqargan qo‘lga olish orderi bilan bog‘liq.

Putin G20 sammitiga borishdan qo‘rqdi: JARda uni xatar kutmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) da bo‘lib o‘tadigan navbatdagi «Katta yigirmalik» sammitida shaxsan ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. «Putin shaxsan ishtirok etmaydi, ammo Rossiya sammitda munosib darajada vakili orqali taqdim etiladi», — dedi u.

The Moscow Times nashrining yozishicha, Putinning bu qarori kutilgan holat, chunki JAR Rim statutiga qo‘shilgan va Xalqaro jinoyat sudi tomonidan jinoyatlarda ayblangan shaxslarni qo‘lga olish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. 2023 yilda sud Putinni Ukrainadagi bolalarni deportatsiya qilish bilan bog‘liq harbiy jinoyatlarda ayblab, uning qo‘lga olinishi haqida order chiqargan edi.

Xuddi shunday holat o‘tgan yili ham kuzatilgan: Putin BRICS sammitida ishtirok etish uchun JARga borishdan bosh tortgan va uning o‘rniga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov borgan.

Hozircha G20 sammitida Rossiya nomidan kim ishtirok etishi ma’lum qilinmagan.

Janubiy Afrika hukumati avvalroq Rossiya delegatsiyasi ishtirokini ta’minlash uchun «huquqiy yechim izlanayotganini» aytgandi, biroq Xalqaro jinoyat sudi orderi mamlakatni murakkab siyosiy vaziyatga solib qo‘ygan.

Teglar

Mavzuga oid