add

Putin iqtisodiyot sekinlashganini tan oldi: o‘sish 1 foizga tushdi

Kecha 07:582 daqiqa

Rossiya iqtisodiyoti 2025-yilda keskin sekinlashdi. Kreml inflatsiyaga qarshi choralarni sabab sifatida ko‘rsatmoqda, ekspertlar esa retsessiya xavfidan ogohlantiryapti.

Putin iqtisodiyot sekinlashganini tan oldi: o‘sish 1 foizga tushdi

Rossiya iqtisodiyoti 2025 yil yakunlariga ko‘ra atigi 1 foizga o‘sgan. Bu haqda RF prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarda qayd etilgan sur’atlardan ancha past.

Putin 2023 va 2024 yillarda iqtisodiy o‘sish mos ravishda 4,1 foiz va 4,3 foiz bo‘lganini eslatdi. U joriy pasayishni «qo‘ldan yasalgan» deb atab, uni inflatsiyani pasaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar bilan izohladi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilda inflatsiya 5,6 foizni tashkil etgan, bu 2024 yildagi 9,5 foizdan ancha past. Biroq prezident yil boshida inflatsiya yana tezlashganini ham tan oldi.

 

Inflatsiya va iqtisodiy bosim

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, QQS oshirilganidan so‘ng haftalik narx o‘sishi 2022 yildan beri eng yuqori darajaga chiqqan. Yillik inflatsiya esa 6,4 foizga yetgan.

Putinning ta’kidlashicha, hukumat va Markaziy bank bu holatni qisqa muddatli deb hisoblamoqda. Asosiy maqsad esa iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qayta tiklash.

Buning uchun iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlar rejasi ishga tushirilgan. U biznes muhitini yaxshilash, investitsiyalarni ko‘paytirish va mehnat unumdorligiga ustuvor ahamiyat berishni nazarda tutadi. Prezident vazirlarga rejani belgilangan grafik asosida bajarishni topshirdi.

 

Ekspertlar: retsessiya xavfi yuqori

Mutaxassislar esa rasmiy optimizmni bo‘lishmayapti. Buyuk Britaniyadagi NEST Centre tadqiqotchisi Sergey Aleksashenko Rossiya iqtisodiyotini uch tomonlama bosim qiynayotganini ta’kidlaydi: harbiy xarajatlar, yuqori foiz stavkalari va sanksiyalar sabab texnologiyalarga cheklangan kirish.

Xalqaro valuta jamg‘armasi Rossiya uchun o‘sish prognozini 0,8 foizga tushirgan. Bu jahon iqtisodiyoti o‘rtacha o‘sishidan to‘rt baravar past. Ayrim investitsiya mutaxassislari esa 2026 yilda o‘sish 0,3 foizdan oshmasligini, ayrim choraklarda esa pasayish bo‘lishini kutmoqda.

Hukumatga yaqin tahlil markazlari ham iqtisodiyot retsessiya yoqasiga kelib qolgani haqida ogohlantirmoqda.

Avvalroq Putin QQS oshirilishi ortidan naqd pul ustidan qattiq nazorat talabini qo‘ygani haqida xabar bergan edik

Teglar

Mavzuga oid