
Putin Lavrovni eng oliy orden bilan taqdirladi
23.05.2025 | 11:2046253
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni mamlakatning eng oliy davlat mukofoti — muqaddas havoriy Andrey Pervozvanniy ordeni bilan taqdirladi. Bu orden 1700 yilda imperator Pyotr I tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, 1998 yilda qayta tiklangan edi.

Putin so‘zlariga ko‘ra, Lavrovning iste’dodi, bilimi, tajribasi va aql-zakovati unga nafaqat Rossiyada, balki jahon miqyosida ham hurmat olib kelgan. «Vatan manfaati yo‘lida ulkan hajmda va murakkab vazifalarni amalga oshirgan», — dedi u mukofotni topshirar ekan.
Bu orden bilan oxirgi 30 yil ichida bor-yo‘g‘i 28 kishi taqdirlangan. Ular orasida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham bor.
Ayni paytda Rossiya AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiyani «do‘st bo‘lmagan» davlatlar deb hisoblaydi. Bu mamlakatlar jahon yalpi ichki mahsulotining yarmiga yaqin qismini tashkil etadi. Shuningdek, Rossiyaga qarshi joriy etilgan 17 mingdan ortiq sanksiya bilan u Eron va Shimoliy Koreyani ortda qoldirib, jahon «rekordchisi»ga aylandi.
Tashqi ishlar sohasida 50 yillik tajribaga ega Sergey Lavrov — Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashidagi sobiq doimiy vakili — Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin xalqaro diplomatiyadan chetlatilgan.
Shunga qaramay, Lavrov «Rossiyani izolyatsiya qilish mumkin emas», deb ta’kidlab, Afrika davlatlariga tashrif buyurmoqda. «Chunki uning boshqa borishga joyi qolmadi. Ilgarilab u Yevropada turli anjumanlarda qatnashardi. Endi buga chek qo‘yildi», — dedi Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash rahbari Fyodor Lukyanov.





