Putin Qora dengizdagi gaz quvurlariga hujum bo‘lganini e’lon qildi

24.02.2026 | 21:202 daqiqa

2022 yilda Boltiq dengizidagi «Shimoliy oqim» tizimida portlashlar sodir bo‘lgan edi.

Putin Qora dengizdagi gaz quvurlariga hujum bo‘lganini e’lon qildi

Rossiya hukumati Qora dengizdagi «Turk oqimi» va «Moviy oqim» gaz quvurlarini portlatishga urinish haqida ma’lumot oldi, dedi mamlakat prezidenti Vladimir Putin FXX hay’ati yig‘ilishida. U ushbu ma’lumotlarning manbasiga aniqlik kiritmadi, shuningdek, boshqa tafsilotlarni ham keltirmadi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning raqiblari «hecham tinchlana olmayapti». Raqiblari diplomatik muzokaralarda erishilgan natijalarni buzish uchun turli provakatsiyalarga qo‘l urmoqda.

Putin «raqib hech qanday vositadan hazar qilmaydi», deb bayonot berdi. U OAVning «qandaydir yadroviy komponentdan foydalanish niyati» haqidagi xabarlarini eslatib o‘tdi. «Bu nima bilan tugashi mumkinligini tushunishsa kerak», deb qo‘shimcha qildi u.

Putin, shuningdek, Rossiyada teraktlar soni ko‘payganini ma’lum qildi va ular uchun mas’uliyatni Ukraina maxsus xizmatlariga yukladi. U FXXga Mudofaa vazirligi va mudofaa-sanoat majmuasining yuqori martabali xodimlari, hokimiyat vakillari, jamoatchilik fikri yetakchilari, jurnalistlar va ko‘ngillilarni himoya qilishni kuchaytirishni topshirdi. Shuningdek, Rossiya yetakchisi «davlat chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha jiddiy qo‘shimcha choralar» ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Shimoliy oqim» tizimida portlashlar

2022 yilda — katta Rossiya-Ukraina urushining birinchi yilida — Boltiq dengizi tubidan o‘tuvchi «Shimoliy oqim» gaz quvurlari tizimida portlashlar sodir bo‘lgan edi. Portlashlarga bir guruh ukrainalik ofitserlar aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

Portlashlar ishi bo‘yicha birinchi bo‘lib qo‘lga olingan shaxs Sergey Kuznetsov bo‘ldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kuznetsov — Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi va Ukraina Qurolli Kuchlarining iste’fodagi kapitani. U 2025 yil avgust oyida Italiyada qo‘lga olingan va ishni olib borayotgan Germaniyaga topshirilgan.

Teglar

Mavzuga oid